Arxiv hujjatlarini takomillashtirishda Belarus bilan hamkorlik qilinadi
Belarus Respublikasi arxiv xizmatining 100 yilligi munosabati bilan “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov boshchiligidagi delegatsiya Ikkinchi jahon urushi tarixiga oid Belarus davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Muzey Belarus xalqining urush yillarida yer yuzida tinchlikni saqlash yo‘lidagi qahramonliklari va qurbonliklarining hujjatli va moddiy dalillarini saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan. Muzeyda O‘zbekistondan kelgan jangchilar va qahramonlar haqidagi materiallar ham saqlanadi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Belarus Milliy fanlar akademiyasida bo‘lib “Tarixda arxivlar – arxivlarda tarix” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada qatnashdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish departamenti o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA