Tarix institutida yosh olimlar uchun institut bosh ilmiy xodimi Muhayyo Isoqovaning "Arxiv hujjatlarini o‘rganish, tahlil qilish, tasniflash va ilmiy tadqiqotda samarali qo‘llash" mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Unda arxiv jamg‘armalari tuzilishi: jamg‘arma – ro‘yxat – yig‘ma jild tizimi, tadqiqot mavzusiga mos jamg‘armalarni aniqlash va ulardan hujjat izlash usullariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ro‘yxatlar orqali kerakli hujjatni topish va saralash, hujjat mazmunini tanqidiy tahlil qilish, manbalarni davr va mavzusi bo‘yicha tasniflash, arxiv shifrlarini to‘g‘ri qayd etish va ilmiy ishlarda havola berish tartibi ham tahlil etildi.
Yoshlarga arxiv hujjatlarni aniq ilmiy maqsad asosida izlash, bir masala yuzasidan turli jamg‘armalardagi ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganish hamda ilmiy muomalaga kiritish usullari amalda ko‘rsatib berildi.
Mahorat darsi ochiq muloqot va amaliy mashg‘ulot shaklida o‘tdi. Yosh tadqiqotchilar arxiv bilan ishlashda uchraydigan murakkab holatlar, eski yozuvni o‘qish, hujjat mazmunini to‘g‘ri talqin qilish kabi masalalar yuzasidan javoblar oldi.
N.Usmonova, O‘zA