Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxiv hujjatlarini davlat arxivlariga elektron nusxalari bilan birga topshirish belgilanmoqda
18:38 / 2020-06-29

Milliy matbuot markazida “Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.


Milliy matbuot markazida “Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi rahbariyati, Milliy arxiv fondi hujjatlarini oʻzida saqlash huquqi berilgan vazirliklarning idoraviy arxivlari masʼullari ishtirok etdi.

Qonunni qabul qilishning zarurati bir nechta asosiy sabablarga asoslangan. Jumladan, amaldagi qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari arxivlari huquqiy maqomini belgilovchi tushuncha mavjud emas. Qonunda tugatilgan tashkilotlar hujjatlari faqat davlat arxivlariga topshirilishi belgilangan. 

Mazkur norma respublikada nodavlat arxivlarining jamlanishi va rivojlanishiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuningdek, davlat arxivlari katta hajmda tugatilgan tashkilotlar hujjatlarini saqlovga qabul qilishi va ular asosida jismoniy va yuridik shaxslarning koʻplab soʻrovlarini bajarish bilan mashgʻul boʻlib, Milliy arxiv fondi hujjatlariga doir arxiv ishlari sustlashib bormoqda.

Bundan tashqari, davlat arxivlarida Oʻzbekiston Respublikasining madaniy meros obyektlarining yodgorliklar sirasiga kiritilgan Milliy arxiv fondi hujjatlari saqlansa-da, ularning binolarini tasarrufdan chiqarish boʻyicha normalar qonunchilikda mavjud emas.

Ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan. Shu bilan birga, mazkur huquq asosida ularda arxiv ishini davlat arxivlari talablari asosida tashkil etish imkoniyati mavjud emas edi.

Davlat arxivlarida saqlanayotgan Milliy arxiv fondi hujjatlarining 5 foizi raqamlashtirilib, elektron nusxalari yaratilgan. Davlat arxivlarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati mazkur ishlarni jadal surʼatlarda amalga oshirish imkonini bermaydi.

– Qonun loyihasida qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar nazarda tutilgan, – dedi “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov. – Qonunning “Asosiy tushunchalar” moddasiga davlat ixtisoslashtirilgan arxivi tushunchalari qoʻshimcha tarzda kiritilmoqda. Tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan, nodavlat arxivlarini ham istisno qilmagan holda topshirish bilan oʻzgartirilmoqda. 

Davlat arxivlari binolarini arxivlar tasarrufidan chiqarish normasi qatʼiylashtirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlarda davlat ixtisoslashtirilgan arxivlarini tashkil etish mumkinligi normasi kiritilmoqda. 

Davlat arxivlariga topshirilayotgan Milliy arxiv fondi hujjatlarining elektron bazalarini yaratish va shu bilan arxiv hujjatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida tashkilotlar tomonidan arxiv hujjatlarini davlat arxivlariga elektron nusxalari bilan birga topshirish belgilanmoqda.

Jahon tajribasi oʻzida arxiv hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan tashkilotlarda davlat ixtisoslashtirilgan arxivlarining tashkil etilishini, davlat arxivlari binolarini tasarrufdan chiqarish mumkinmasligini, arxiv hujjatlari elektron nusxalari bilan birga topshirilishini nazarda tutadi.

Hujjat loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi project.gov.uz orqali parallel ravishda regulation.gov.uz tizimida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan. Takliflar inobatga olingan holda ushbu qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishga tayyorlanmoqda.