Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxitektura sohasiga yangicha fikrlaydigan, ilg‘or yosh kadrlar kerak
17:05 / 2023-12-21

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Yoshlar parlamenti hamkorligida “Yoshlar arxitektura forumi” bo‘lib o‘tdi.

Forumdan ko‘zlangan maqsad, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan bo‘lajak arxitektorlarga sohadagi yangi islohotlar, xususan, me’morchilikning eng nozik sirlari bo‘yicha atroflicha tushuncha berish, yosh-avlodning qurilish sohasini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish nazarda tutilgan.  

Forum avvalida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar xususida to‘xtaldi. Rivojlanib borayotgan qurilish industriyasi soha vakillari zimmasiga katta vazifalarni qo‘yayotgani, bu jarayonda tabiiyki, ilmni amaliyotga integratsiya qilish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.  

– Kun sayin o‘ziga xos megapolis qiyofasiga kirib borayotgan shahar va qishloqlarimiz, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari rivojida yoshlarning fikri, yangicha qarashlari biz uchun muhim, – deydi T.Alimatov. – Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining eshiklari yoshlar uchun hamisha ochiq. Bugun zamonaviy talablar asosida qurib foydalanishga topshirilgan yangi o‘quv binosi va unda ta’lim olayotgan yoshlarni ko‘rib havas qildik. Albatta, buning zamirida muhtaram Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan e’tibori va bu boradagi siyosiy irodasi mujassam desak ayni haqiqat bo‘ladi. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilning mart oyida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida dunyodagi eng ilg‘or “aqlli” texnologiyalar va zamon talablari asosida Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ushbu loyiha doirasida 1 million aholimiz yashashi uchun qulay sharoit yaratilib, infratuzilma bilan ta’minlanadi. Shuningdek, shaharsozlik norma va qoidalari ham zamonaviy talablar asosida takomiliga yetkazilmoqda. Bunday jarayonda yangicha dunyoqarash va o‘z pozitsiyasiga ega yoshlarning bilimi va mahoratiga tayanamiz. 

– Qurilish va arxitektura sohasini chuqur o‘rganish nazariy bilimlar bilan bir qatorda, amaliyotga ham katta e’tibor qaratishni talab etadi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Anvarov. – Chunki biz qurgan binolar odamlar uchun xavfsiz, qulay sharoit yaratishi, shu bilan birgalikda zamonaviy qiyofa kasb etishi zarur. Men ushbu tizimda ustoz-shogird an’anasiga alohida e’tibor qaratish lozim, deb hisoblayman.    

Ochiq va samimiy ruhda kechgan forum davomida talabalarning shaharsozlik sohasiga oid savollariga javob berildi.    

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA