Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxeologik turizmga bag‘ishlangan xalqaro forum (+video)
18:40 / 2025-08-21

Andijon viloyati Marhamat tumanida «Ko‘hna Dovon sirlari» II arxeologiya turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga 2021 yildagi tashrifi davomida Marhamat tumanida joylashgan yurtimizning qadim tarixi haqida ma’lumotlar beruvchi “Mingtepa” arxeologiya yodgorligini asrab-avaylash, ushbu hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, xususan, har ikki yilda bir «Ko‘hna Dovon sirlari» arxeologiya turizm forumini o‘tkazish yuzasidan topshiriq va vazifalar bergan edi.  

Prezidentimiz topshirig‘i asosida Marhamat tumani hokimligi, “Mingtepa-madaniy meros» jamoat fondi, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, Qo‘qon nodavlat universiteti Andijon filiali hamda boshqa qator tashkilot va muassasalar hamkorligida tashkil etilgan forumda yurtimizning, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy davlatlaridan tashrif buyurgan tarixchi va arxeolog olimlar, turistik tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

–Forumning asosiy maqsadi “Mingtepa” madaniy yodgorligi, qolaversa, Farg‘ona vodiysidagi boshqa arxeologik yodgorliklarni asrab-avaylash, ularning yurtimiz tarixi, jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni va roli haqida  jamoatchilikka keng ma’lumotlar berishdir, – deydi  “Mingtepa-madaniy meros» jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Shahlo Husanova. –  Qolaversa, ana shu yodgorliklar bazasida turizmni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish va targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.  

“Mingtepa” arxeologiya yodgorligi tarixiy manbalar hamda arxeolog-olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatining poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.  

Hozir Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.

“Mingtepa” yodgorligini o‘rganish, ilmiy tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 40-50-yillaridan boshlangan. O‘tgan yillar davomida “Mingtepa” xarobalari o‘rnida arxeolog-olimlar qazishma ishlarini olib borgan,ko‘plab qadimiy osori-atiqalar topilgan.  

Topilgan ashyolar, to‘plangan manbalardan kelib chiqib, 2 ming yildan ziyod vaqt avval “Mingtepa” Farg‘ona vodiysidagi eng yirik, rivojlangan shahar bo‘lganligi qayd etiladi.

Yodgorlik hududidan topilgan osori-atiqalar, qurilish inshootlari qoldiqlari, kulolchilik idishlari, hayvon suyaklari va toshdan yasalgan yorg‘uchoqlar, xum idishlar, palahmonlar, sopoldan tayyorlangan quvurlar Mingtepaning haqiqatan ham qadimda rivojlangan shahar bo‘lganini tasdiqlaydi.

Hozir “Mingtepa”ning ichki mudofaa devori hamda minoralari saqlanib qolgan. Mudofaa devorining shimol va janub tomonlarida 12 tadan 24 ta, sharq va g‘arb tomonlarida 20 tadan 40 ta, jami 64 ta kuzatuv va qo‘riqlov minoralari bo‘lgan. Hozirga qadar 52 ta mudofaa devorlaridagi minoralar saqlangan. Mudofaa devorining umumiy uzunligi 2 ming 600 metr, tashqi devor bundan ham uzun bo‘lgan. Demak, o‘z davrida Mingtepa ikki qator mudofaa inshooti bilan o‘rab olingan mustahkam qal’a-shahar bo‘lgan.  

[gallery-24880]

Forum doirasida dastlab Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasida  “Jahon sivilizatsiyasi tizimida Farg‘ona vodiysi qadim va o‘rta asrlar tarixi hamda madaniyati: tadqiqotlar, muammolar va ularning yechimlari tahlili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Muzrobjon Abdullayevning Dovon davlatida dehqonchilik, hunarmandchilik, shaharsozlik an’analarining shakllanishi, Xo‘jand davlat universiteti professori Nabijon Rahimovning So‘g‘d viloyati Konibodom tumanidagi “Kampirdovon” yodgorligi, Farg‘ona davlat universiteti professori Mutalibjon Hasanovning Qashqadaryo viloyatidagi “Kindiktepa”, “Qo‘rg‘ontepa”, Toshkent viloyatidagi “Kanka” yodgorliklari, Botken davlat universiteti professori Abdunabi Kadirovning Botken viloyatidagi “Kani gut g‘ori” yodgorligiga oid ma’ruzalari tinglandi.  

Shuningdek, anjumanda Xitoy Shimoliy-g‘arbiy universiteti professori Shang Veixinning bevosita Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq Farg‘ona vodiysidagi arxeologiya yodgorliklarini o‘rganishda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari olimlarining hamkorligi, Dovon davlatiga tashrif buyurgan Xitoy elchisi Chjan Syanning o‘z imperatoriga yozgan hisobotlarida  keltirilgan ma’lumotlar haqidagi ma’ruzasi tinglandi.

Anjuman ishtirokchlari tomonidan ma’ruzalar, shuningdek, tarixiy yodgorliklarni o‘rganish, arxeologik turizm va muzey madaniyatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.  

Anjumanda so‘z olgan Andijon davlat universiteti professori Soyibjon Hoshimov, Andijon texnika instituti professori Ulug‘bek Abdullayev “Mingtepa”, qolaversa, Farg‘ona vodiysidagi qadim yodgorliklar tarixini o‘rganish, ilmiy tadqiq etishda tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyevning xizmatlari nihoyatda katta ekanligini ta’kidlab, ustozning ilmiy rahbarligida olib borilgan arxeologik qazishmalar, yaratilgan ilmiy maqolalar, asarlar haqida  gapirdi. 

Shundan so‘ng anjuman tashkilotchilari va ishtirokchilari professor Boqijon Matboboyevni 70 yillik yubileyi bilan muborakbod etdi. Unga esdalik sovg‘alari topshirildi.  

Anjuman doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek,  “Mingtepa” hamda Farg‘ona vodiysidagi tarixiy yodgorliklar tarixi yoritilgan adabiyotlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. 

Kunning ikkinchi yarmida forum ishtirokchilari “Mingtepa” arxeologiya yodgorligida bo‘lishib, ob’ektni o‘rganish maqsadida olib borilgan kazishma ishlari haqida keng ma’lumotlar oldi. Shuningdek, hududni obodonlashtirish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.  

Yakunda ishtirokchilar tuman markazida ochiq osmon ostida tashkil etilgan “Mingtepa” muzeyida bo‘ldi.

Forum Farg‘ona vodiysidagi qadimiy yodgorliklarni o‘rganish, tarixchi va arxeolog olimlar hamkorligini mustahkamlash, arxeologik va muzey turizmini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.  

<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/qi61IwJHMgI" title="Arxeologik turizmga bag‘ishlangan xalqaro forum" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat, video), O‘zA muxbirlari