Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxeologik topilmalar moziydan so‘zlaydi
16:23 / 2019-12-20

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan 2019 yilda o‘rganilgan va yangi ochilgan arxeologik yodgorliklar, ularda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan 2019 yilda o‘rganilgan va yangi ochilgan arxeologik yodgorliklar, ularda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan anjumanda arxeologik qazuv ishlarida erishilgan muhim natijalar haqida gapirildi. Jumladan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida olib borilgan ekspeditsiya natijalari, Surxon vohasidagi yuqori paleolit davriga oid birinchi yodgorlik hisoblangan Qoraungurdara g‘ori haqida ma’lumot berildi.

Axsikent shahrida olib borilgan qazuv ishlari davomida topilgan ob’ektlarda birinchi zamonaviy tipdagi “ochiq osmon ostidagi muzey” ochilgan. Joriy yilgi qazuv mavsumida Axsikent yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari yanada kengaytirilib, 6 ta ob’ekt “ochiq osmon ostidagi muzey“ uchun tayyorlandi.

Arxeolog olimlar tomonidan Poykend yodgorligida miloddan oldingi III-II asrlarga oid qadimiy mudofaa devori qoldiqlari, mazkur yodgorlik ibodatxonasi hududida ma’budlarga tortiq sifatida keltirilgan qimmatbaho qurol va qurol-yarog‘lar to‘plami, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Quyun yodgorligida bundan 3300 yil avval tog‘-adir qismlariga yoyilgan manzilgoh aniqlangan. Shuningdek, Xorazm viloyatida Xumbuz yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari natijasida bundan 2800 yil avval faoliyat ko‘rsatgan eng qadimiy ibodatxona qoldiqlari ochildi. Samarqand hukmdorlari qarorgohi sifatida Kofirqal’a yodgorligida saroyning ilk o‘rta asrlardagi to‘liq tarixi xususidagi ma’lumot ham ko‘pchilikni qiziqtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi (1970 yilda tashkil topgan Ya.Fulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti qonuniy merosxo‘ri)ning tashkil etilishi, faoliyati, vazifalari, kelgusidagi rejalari haqida ham ma’lumotlar berildi.

Markaz O‘zbekistonning tosh davridan rivojlangan o‘rta asrlar davriga qadar bo‘lgan moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganish, tadqiq etilayotgan davrlar madaniyatining xronologiyasi va davrlashtirish masalalarini ishlash, sivilizatsiyalar, ilk shaharlar va davlatchilikning shakllanishi, qadimiy jamiyatlardagi dunyoqarashlar, dinlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, hunarmandchilik, metallsozlik va tog‘-kon ishlarini o‘rganish, arxeologik yodgorliklarni aniqlash, xaritaga tushirish va olingan ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritish kabi ilmiy vazifalarni bajaradi.

Hozir markaz qoshidagi kichik nashriyotda Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiruvchi bitta jurnal (“O‘zbekiston arxeologiyasi“), to‘plamlar (“O‘zbekiston moddiy madaniyati tarixi”, “Turon tarixi va arxeologiyasi”) va boshqa ilmiy nashrlar chop etib kelinmoqda. Markazda tosh va ilk metall davri arxeologiyasi, qadimgi va o‘rta asrlar davri arxeologiyasi, fanlararo arxeologik tadqiqotlar bo‘limlari, ipak yo‘li arxeologiyasi, restavratsiya va konservatsiya, bioarxeologiya laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatadi.

Markazda tadqiq etilgan ilmiy ishlar natijalari ommaga namoyish etilishi bilan birga, shu yo‘nalishda izlanish olib bormoqchi bo‘lgan olimlar, tadqiqotchilar, yosh izlanuvchilarga ham o‘rganish uchun taqdim etiladi. Nafaqat arxeologiya sohasida, balki, zooarxeologiya, bioarxeologiya kabi yo‘nalishlarda ham faoliyat yurita oladigan mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda.

Arxeologik qazishmalarni olib borish, uni asrash, ommaga namoyish qilish, himoyalash ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va vazirlik huzuridagi Madaniy meros departamenti bilan mustahkam aloqa o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Matbuot anjumanida tarmoqdagi kamchiliklar ham tilga olindi.