Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Artyom Goroxov: "Tarjima — xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv uchun juda muhim"
18:03 / 2025-06-16

Adabiyot tufayli dunyo ma’lum bir millatning qadriyatlari, uning vakillarining xarakteri, qiziqtirgan muammolari haqida ma’lumot oladi. O‘zbek adabiyoti ko‘p millatli va shu bilan ham noyobdir. Turli davrlarda boshqa millat vakillari o‘zbek adabiyoti rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelgan: Maqsud Shayxzoda, Aleksandr Faynberg, Raim Farhodiy... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bu iste’dodli shoir va yozuvchilar o‘zlarining butun ijodini jonajon yurtimiz – O‘zbekistonga bag‘ishladilar.

Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ushbu an’ana to‘xtab qolgan vaqtlar ham bo‘ldi. Ammo bugungi kunda boshqa millat vakillari bag‘rikeng o‘zbek zaminida ijod bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanayotgan bir paytda O‘zbekistonning ko‘p millatli adabiyoti yana qaytadan tiklanmoqda. Bugungi kunda eski avlod adiblarining o‘rniga o‘zining yangi qarashlari va yozish uslubiga ega bo‘lgan yangi avlod vakillari kirib kelmoqda. Ulardan biri yozuvchi va publitsist Artyom Goroxovdir. U Chirchiq gidroenergetika shaharchasida, Toshkentni o‘rab turgan Chimyon tog‘lari bag‘rida joylashgan o‘zbek mahallasida voyaga yetgan. Bu unga o‘zbek tilini bilish va tushunish imkonini berdi. O‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatgach, u O‘zbekiston milliy universitetining yuridik fakultetida bakalavr darajasini oldi. Bugungi kunda Artyom o‘z bilimlarini oshirishda davom etmoqda, u Sinergiya universitetining magistraturasida psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.

Adabiyotga bo‘lgan ishtiyoqiga qaramay, Artem Goroxov uzoq vaqt davomida huquq-tartibot idoralarida ishladi. Hozirda u Germaniya Xalq universitetlar assotsiatsiyasi (DVV) filialida faoliyat yuritmoqda. "Chirchiq", "Svoy", "Darakchi" davriy nashrlarida, shuningdek "Sharq yulduzi" jurnalida uning asarlari chop etildi. U 7 ta roman va 100 dan hikoyalar muallifi. "Men o‘zimni so‘z ustasi deb hisoblamayman, hech qachon fikrimni qog‘ozga tushurishni yoki jumlalar tuzishni o‘rganmaganman, lekin doimo kitob o‘qishga qiziqqanman. Shu-shu o‘zim yozadigan bo‘ldim. Men juda erta yozishni boshlaganman. Maktab yillarida MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan adabiyot sohasidagi xalqaro Olimpiadada qatnashib, qisqa hikoyam bilan 1-o‘rinni olganman. Turli janrda ijod qilaman: qisqa hikoyalardan tortib jiddiy romanlargacha. Ularning aksariyati mahalliy va milliy gazetalarda nashr etilgan. Ayrim hikoyalarim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining diplomlariga sazovor bo‘ldi. Asarlarimning mavzulari ham juda farq qiladi: tasavvuf, fantastika, siyosiy va ijtimoiy masalalar. Yozishimdan asosiy maqsad g‘oyalarimni va taassurotlarimni kitobxonga yetkazish va uni fikrlashga chorlashdir. Asarlarimni vaqt o‘tib tuzatishni yoqtirmayman. Shuning uchun, hatto 10 yil oldin yozilgan narsalarni ham asl shaklida nashrga beraman. Chunki qachonlardir men shunday fikrlaganman va buni o‘zgartirishga hojat yo‘q deb bilaman. Ehtimol, bu noto‘g‘ridir", — deydi u...

Artyom Goroxovning adabiyot rivojiga qo‘shib kelayotgan hissasi e’tibordan chetda qolmadi. U xalqaro va milliy adabiy tanlovlar laureati va sovrindoridir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rus adabiyoti Kengashi qoshida tashkil etilgan yosh mualliflar seminarlari rahbari va ijodiy moderatori sifatida A. Goroxov ijodkor yoshlar bilan muntazam muloqot qiladi. "Yosh ijodkorlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan barcha tanlov va tadbirlardan xabardor. Bundan tashqari, yoshlar juda "moslashuvchan" bo‘lib, uyushma rasmiy tadbirlarida ham, art-kafelarda bo‘lib o‘tadigan norasmiy uchrashuvlarda ham qatnashadi. Keksa avlod esa bu borada ko‘proq konservativdir. Pandemiya davrida rus adabiyoti Kengashi yosh mualliflar uchun seminar tashkil qildi va u karantin cheklovlari tufayli onlayn formatda o‘tdi. Lekin ushbu aloqa platformasi hali ham faoliyat yuritmoqda va endilikda biz vaqti-vaqti bilan jonli uchrashuvlar o‘tkazish ustida ishlayapmiz", — deydi u.

Artyom Goroxov publitsistika janrida ham yozadi. Uning mamlakat taraqqiyoti va jamiyatining turli mavzularidagi maqola va sharhlari "Fuqarolik jamiyati", "Demokratlashtirish va inson huquqlari", "Qalqon", "Jamoatchilik fikri va inson huquqlari", "Postda" kabi nashrlarda chop etilgan. "Geroy ponevole" nomli fantastik roman muallifning ilk kitobi sifatida 2020 yilda Moskvada nashr etildi. "Ochiq o‘yin" romanining "Sharq yulduzi" jurnalida nashr etilishi esa o‘quvchilar va tanqidchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi.

O‘tgan yili Artyom Goroxov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rus adabiyoti bo‘yicha Kengash rahbari etib tayinlandi. Ilgari bu ishni marhum mashhur bolalar shoiri Raim Farhodiy olib borgan. "O‘zbekistonda rus tilidagi adabiyot noyob tarixiy va madaniy hodisadir. Bu hodisa turli tasodiflar bilan mamlakatimizda yashab, ijod qilgan dunyoga mashhur yozuvchilar tufayli paydo bo‘ldi. Agar ijodkor avlodlarning uzluksizligi va mualliflarning qo‘llab-quvvatlashi ta’minlanmasa, vaqt o‘tishi bilan O‘zbekistonda rus tilidagi adabiyot shunchaki yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Shunda Kengashning ham keragi bo‘lmay qolishi mumkin. Ehtimol, Kengashning asosiy vazifasi ham buning oldini olishdir. Turli tadbirlar doirasida men rus tilida ijodga katta qiziqish bildiradigan o‘zbek yoshlarining yangi avlodi bilan tez-tez muloqot qilaman. Ammo yaratilgan asarlarning badiiy darajasi doimiy ravishda yuqori darajada bo‘lishi juda muhim. Buning uchun faqat qiziqish yetarli emas”, — deydi Goroxov.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 1997 yildan buyon Zominda har yili o‘tkazib kelinayotgan Yosh ijodkorlar forumi yosh mualliflar o‘rtasida tashkil etilayotgan eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Kengash yosh mualliflar seminari ishtirokchilari orasidan nomzodlarni tanlab olib, u yerga yuboradi. Natijada, bo‘limning eng faol ishtirokchisi o‘z kitobini "Mening birinchi kitobim" seriyasida bepul nashr etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

A.Goroxovning so‘zlariga ko‘ra, bosma nashrlarning adadi asta-sekin kamayib bormoqda. Bu tendensiya nafaqat bizda, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Odamlar internetdan ma’lumot olishga odatlanib qoldi. "Farzandlarimiz kelgusida gazeta o‘qiydimi degan savol to‘g‘ilmoqda, — deya ta’kidlaydi u. — Ammo mamlakatimizda bolalar va yoshlar uchun nashrlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani quvonchli. Bunga misol "Tong yulduzi" bolalar gazetasi yoki "Yoshlik" jurnali".

Asarlar tarjimasi xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv uchun juda muhimdir. Bugungi kunda O‘zbekistonda badiiy tarjimaga katta e’tibor qaratilmoqda. Yozuvchilar uyushmasi jahon adabiyotining eng yaxshi asarlarini o‘zbek tilida kitobxonlarga taqdim etish uchun katta kuch sarflaydi. Shuningdek, ko‘plab o‘zbek yozuvchilarining asarlari ingliz, nemis, turk, rus va boshqa tillarga tarjima qilinib, xorijda nashr etilmoqda. Bir necha yillardan buyon A.Goroxov o‘zbek yozuvchilarining asarlarini rus tiliga tarjima qilib keladi. "Mening asarlarim hali tarjima qilinmagan, lekin hamma narsaning vaqti bor", — deydi u jilmayib. — Bugungi kunda Kengash rahbari sifatida mening asosiy vazifam yosh yozuvchilar bilan ishlashimni kuchaytirish va badiiy tarjima mavzusiga qo‘shimcha e’tibor qaratishdir. Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan ishlarimiz haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish".

Lira Shafiq, O‘zA