Jizzax viloyati Arnasoy tumanida xitoylik investorlar tomonidan barpo etilayotgan yangi zavod qurilishiga start berildi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 29 apreldagi “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida Arnasoy tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va samarali boshqarish davlat uchun iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. Jalb etilgan ushbu investitsiyalar yangi ish o‘rinlari yaratishga, infratuzilmani, ishlab chiqarishni rivojlantirish va mahsulot eksportini oshishiga xizmat qiladi.
Arnasoy tumanining “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inida Xitoyning “Bashiran Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimi uchun shlang ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur investitsiya loyihasi uchun mahalla hududidan 4,5 gektar yer maydoni ajratilib, hozirda qurilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov mazkur hududda bo‘lib, ushbu yangi zavod loyihasi va u yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan investor hamda quruvchilar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, ushbu ob’ekt barpo etilishida barcha zarur yordamga tayyor ekanini ta’kidladi.
Ushbu loyiha nafaqat zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, balki aholi bandligini ta’minlash borasida ham muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan tomchilatib sug‘orish shlanglarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgach 100 nafardan ziyod mahalliy yoshlar doimiy va daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uqNcv5AzWoY" title="Arnasoyda yangi zavod qurilishi boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video+surat), O‘zA muxbirlari