Jizzax viloyati Arnasoy tumanida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ekin turlarini ko‘paytirish va bozor talabiga mos mahsulotlar yetishtirish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil sentyabr oyi oxirida tumanda faoliyat yuritayotgan “Jizzax Oltin Boshoqlari Texnologiyalari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Oltin vodiy” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida xorijiy investitsiya asosida plyonka ostida to‘qsonbosti ekinlari – sarimsoqpiyoz yetishtirish ishlari boshlangan edi. Xitoylik mutaxassislar hamkorligidagi ushbu loyiha 10 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda sarimsoqpiyoz maysalari barqaror o‘sib, yaxshi rivojlanmoqda. Mutaxassislar fikricha, ushbu ekin hudud iqlimiga mos bo‘lib, qisqa muddatda yuqori hosil beradi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – tumanda ekin turlarini diversifikatsiya qilish, bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishdan iborat. Shuningdek, loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi va daromadi oshishiga ham xizmat qilmoqda.

Ayni kunda 10 nafar doimiy va 40 nafar mavsumiy ishchi dala ishlari bilan band. Kelgusida ekin maydonlarini kengaytirish va fuqarolar bandligini oshirish rejalashtirilgan.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA