Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arnasoyda xorijiy investorlar hamkorligida tashlandiq yerlardan samarali foydalanilmoqda
12:51 / 2025-07-05

FOTOREPORTAJ

Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xususan, tashlandiq yerlardan oqilona foydalanish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Arnasoy tumanidagi “Buxoro” suv iste’molchilar uyushmasidagi 1 ming 400 gektar tashlandiq yer maydoni Xitoyning “Bashiran Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan o‘zlashtirilib, 500 gektariga zamonaviy texnikalar yordamida ishlov berilib, joriy yilning aprelida xitoy chigiti ekilgan edi. Suvdan oqilona foydalanish maqsadida qator oralariga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilib, sug‘orish ishlari boshlab yuborilgan.

Ayni kunlarda g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga ham tajriba asosida 90 kunlik chigit urug‘i qadalmoqda.

- So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan hamkorligimiz tobora yaxshilanib bormoqda, - deydi Xitoyning “Bashiran Co., Ltd” kompaniyasi  rahbari Peng Zou (Peng Zhou). - Shu bois biz O‘zbekistonga kelib hamkorlikda ishlashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Ayni kunlarda G‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga xitoy texnologiyasi asosida paxta chigitini yerga qadayapmiz. Bu albatta, o‘zimizda sinovdan o‘tkazilgan va yaxshi natija bergan. Shuning uchun O‘zbekistonda birinchi bor ekishni boshladik. O‘ylaymanki, boshlagan ishimiz o‘z samarasini beradi. 

Hamkorlik asosida boshlangan ishda nafaqat tashlandiq yerlar o‘zlashtirilayapti, balki, qishloqdagi ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanishiga ham hissa qo‘shmoqda.

- Xitoy investorlari bilan hamkorlikda boshlagan ishimiz kelgusida tuman iqtisodiyotini rivojiga, shu bilan birga aholi turmush sharoitini yaxshilanishiga xizmat qiladi, - deydi Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov. - Joriy yilning aprel oyida mazkur kompaniya vakillari bilan unumdorligi yuqori, ammo suv muammosi borligi sabab foydalanmay kelinayotgan hududni ko‘rsatgan edik. Mana, hozir zamonaviy texnikalar yordamida yerlar shudgorlanib, xitoy chigitlarini qadashga muvaffaq bo‘lishdi. Buning natijasini yaqin kunlarda ko‘ramiz. 

[gallery-24152]

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi ishlar, kelgusida xalqaro ishonchni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Arnasoyda boshlangan bu loyiha — o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA