Jizzax viloyatining Arnasoy tumani qishloq xo‘jaligida dehqonchilik asosiy tarmoq hisoblanadi. Ammo keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq ho‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar tufayli tumanda chorvachilik ham rivojlantirilmoqda.
Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlar tufayli ilgari faqat paxta va g‘alla yetishtirib kelingan tumanda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari rivojlantirilmoqdi. Avval chorva mollari faqat shaxsiy xo‘jaliklarda boqilgan tumanda ushbu tarmoqqa ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari ham ko‘paymoqda.
Tumanda chorvachilikka ixtisoslashgan 46 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatyapti. Ularda 8 ming boshdan ziyod qoramol 5 ming 700 boshga yaqin qo‘y-echki boqilmoqda.
Tumanda chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga yaylov va ozuqa ekinlari ekish va yaylov uchun jami 3 ming 140 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Chorvador fermerlar bu maydonning 2 ming 47 gektaridan yaylov sifatida foydalanayotir.
Tumandagi “Sangzor” chorva naslchilik fermer xo‘jaligida tarmoqni muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan xo‘jaliklaridan biri. Xo‘jalikda boqilayotgan 1 ming 380 bosh qoramolning 297 boshini xorijdan keltirilgan naslli mollar tashkil etadi. Xo‘jalikda sut ishlab chiqarish va naslli mollar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ustida ish olib borilayotir.
Tumandagi yana bir fermer xo‘jaligi – “Sangzor paxtakor chorvasi” chorvachilikning hudud uchun noan’anaviy bo‘lgan naslli qo‘ychilikni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat yuritishga kirishdi. Shu maqsadda xo‘jalikda 100 bosh naslli qo‘y boqilmoqda. Xo‘jalikka yaylov uchun 200 gektar lalmi yer, chorva ozuqasi yetishtirish uchun 10 gektar suvli maydon ajratilgan.
[gallery-727]
–Tumanda chorvachilikni rivojlantirish imkoniyatlari katta , – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Arnasoy tuman bo‘limi katta inspektori Ilhom Mamatov. – Ayniqsa davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan chorvachilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar tarmoqni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘layotir. Inspeksiyamiz tomonidan chorvadorlarga yer ajratish, kreditlash, ozuqa bazasini yaratish, naslchilikni yo‘lga qo‘yish va yangi texnologiyalar olib kelishda yaqindan yordam berilmoqda.
Viloyatda o‘tgan yili chorvachilik fermer xo‘jaliklarining ozuqaga bo‘lgan talabini kondirish maqsadida 3 ming 262 gektariga beda, 227 ga hashaki lavlagi, 2 ming 526 ga don uchun, 899 ga silos uchun makkajo‘hori, 35 ga tritikali, 25 ga soya va boshqa ozuqalar yetishtirildi. Bundan tashqari g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida 4 ming 100 gektariga don uchun va 16 ming 400 gektariga silos uchun makkajo‘xori ekilib, chorva ozuqasi tayyorlandi.
Ozuqa bazasining mustahkamligi chorva qishlovining talofatsiz, muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlamoqda.
T.BEKNAZAROV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA