Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arnasoyda hokim yordamchilari muammolarni “xonadonbay” o‘rganmoqda
14:23 / 2022-01-20

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi 13 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda.

Hokim yordamchilari mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalalarini respublika vakillari bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagilar yuzasidan o‘z mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan shakllantirishga kirishdi. Ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun yer maydonlari ajratishni yo‘lga qo‘yadi.

Javlon Almatov Arnasoy tumani hokimining “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi lavozimiga kirishganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. U mahalla ma’muriyati, hududda yashovchi saxovatpesha tadbirkorlar hamkorligida ishlarni boshlab yubordi.

– O‘rganishlar davomida parrandachilik, asalarichilik, issiqxona va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 16 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirildi, – deydi Javlon Almatov. — O‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan ushbu fuqarolarga bank krediti yoki subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, hokim yordamchisi mahallaning “o‘sish nuqtasi”dan kelib chiqib, aholi o‘rtasida o‘zini-o‘zi band qilish masalalariga ham jiddiy yondashmoqda.

Aholi o‘z tomorqasida issiqxonalar barpo etish va mavjud issiqxonalarni kengaytirish talabidan kelib chiqib, ularga kredit va subsidiyalar ajratish imkoni borligini bildirdi.

Aholi o‘rtasida o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tish borasida tushunchalar ham berib o‘tildi va o‘z tomorqasida o‘zini band qilgan 5 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hokim yordamchisi “Bobur” MFY raisi Idris Parmonov bilan xonadonbay ro‘yxat asosida mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlash maqsadida aholi xonadonlarida bo‘ldi.

Mahallada aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmat turlarini rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

 

A.Qayumov, O‘zA