Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arnasoyda dehqonchilik qilish istagidagi barcha yoshlarga yer berilmoqda
11:52 / 2021-02-13

Jizzax viloyatining Arnasoy tumani “Oltin vodiy” suv iste’molchilari uyushmasi hududidadagi “Alibek biznesmen” mas’uliyati cheklangan jamiyati dalasida "Har bir yoshga bir gektar" loyihasi doirasida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarning ushbu ochiq dalada o‘tkazilishiga aynan shu hududda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 60 nafar yoshga 32 gektar yer maydoni ajratilib, “Fidokor yosh dehqonlar kooperatsiyasi” ishlab chiqarish kooperativi tuzilgani sabab bo‘ldi. Yer olgan yoshlarning aksariyati dehqonchilik ishidan boxabar bo‘lishsa-da, bu kasbda hali mustaqil ishlab ko‘rmagan yoshlar ham borligi uchun maslahat berish kerak edi.

Viloyat, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Yoshlar ishlari agentligi, mahalla raislari qatnashgan seminarda Prezidentimiz topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng agrosoha mutaxassislari, tajribali dehqonlar yoshlarga yerdan qanday foydalanish, ziroatchilik ishning o‘ziga xos jihatlari, qoida-qonunlarini tushuntirdi.

Bundan tashqari kooperatsiyaga birlashib ishlashning o‘zi ham yangilik. Shu bois tadbirda adliya idorasi mutaxassislari koopertivning huquqiy tashkiliy, boshqaruv tartiblari, a’zolarining huquq va majburiyatlari haqida tushuntirish berdi.

– Hududda ish yo‘qligi bois Rossiyaga borib ishlab kelayotgan edim, – deydi kooperativ a’zolaridan biri Umid Esonov. – Prezidentimizning yoshlarga berayotgan katta e’tibori bilan tumanimizda yashash joyimizga yaqin hududdan har bir yoshga 50 sotixdan yer ajratilishi biz uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Dehqonchilik ota-bobolarimizning kasbi. Yerdan samarali foydalanib, oilamiz ehtiyojini ta’minlashga harakat qilamiz.

Tumanda “Yoshlar daftariga” kiritilganlar 1 ming 10 nafarni tashkil etadi. Ulardan 600 nafardan ko‘prog‘i yer berilsa, dehqonchilik qilish istagini bildirgan. Hozirgacha yoshlardan 81 nafariga meva-sabzavot yetishtirish uchun 844 gektar, kooperativga birlashgan 60 nafariga 32 gektar yer ajratib berildi.

Tuman xokimligida mahallalar, yoshlar tashkilotlari boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘rganishlar, hisob-kitob asosida yoshlarga yana 3 ming gektardan ziyodroq yer ajratish rejasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda dehqonchilik bilan shug‘ullanishga xohishi bo‘lgan barcha yoshlarga aholi yashash joyiga yaqin, suv ta’minoti yaxshi, unumdor dalalardan yer ajratib berish ishlari davom etmoqda.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarga yer ajratib berish ishlari viloyatning barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.

[gallery-undefined]

T. Beknazarov, J. Yorbekov (surat),  O‘zA