Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tashkil etilgan “Adliya sayli” tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov ishtirok etdi.
Tadbir aholini yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati bilan tanishtirish, huquqiy savodxonligini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish, yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar olish, advokat, huquqshunos, notarius, mediator, psixolog xizmatlaridan foydalanish imkonini berdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Dolzarb 90 kun” doirasida o‘tkazilgan viktorinada o‘quvchilarning huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ushbu o‘yinlarda g‘olib, sovrindor va faol ishtirok etgan yoshlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir davomida tashkil etilgan sayyor qabulda 40 dan ziyod fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Davlat xizmatlari va FHDYO sohasiga taalluqli bo‘lgan 10 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi. Boshqa murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi, ayrimlarining ijrosi nazoratga olindi.

Arnasoy tumanining “G‘oliblar” mahallasi misolida huquqiy axborotni eng samarali usulda, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda aholiga tezkor, qulay va sodda tilda yetkazish borasida yangi tajribalar yuzasidan taqdimot namoyish etildi. Unda texnika imkoniyatlaridan oqilona foydalangan holda ma’lumotlarni yetkazish tezligi va qamrovini oshirish borasida aniq takliflar bildirildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri