Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arnasoy yuksalish sari odimlamoqda
15:07 / 2025-07-08

Mamlakatimizning har bir hududida olib borilayotgan yangilanish va taraqqiyot jarayonlari nafaqat shaharlar, balki qishloq va olis hududlarga ham kirib borayotgani barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar o‘zining yorqin samarasini berayotganidan dalolat beradi.

Jizzax viloyatining eng chekka hududlaridan bo‘lgan Arnasoy tumanida ham qurilish va infratuzilmani yangilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimidagi “Aydarko‘l tibbiyot markazi” hamda zamonaviy “Mehmonxona” majmuasining barpo etilishi ushbu hududning iqtisodiy va turizm salohiyatini yanada oshirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda, ushbu ob’ektlarning qurilish maydonlariga 100 ga yaqin turli xil maxsus texnika vositalari jalb qilingan bo‘lib, 250 nafar mahalliy aholi arxitektura va qurilish ishlari bilan band. Bu o‘z navbatida, nafaqat loyihaning ijobiy ijtimoiy ta’sirini, balki aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni muhimligidan dalolat beradi.

Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi sohilida yangidan qurilayotgan mehmonxona majmuasi joriy yilning avgust oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mehmonxona zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lib, sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.  

“Aydarko‘l tibbiyot markazi” esa fuqarolarning sog‘lig‘ini mustahkamlashga, tabiiy shifobaxsh balchiq bilan davolanish va qolaversa sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan xizmatlar ko‘rsatish uchun ixtisoslashishi rejalashtirilgan.

Mazkur tabiiy ko‘l atrofidagi bu kabi qurilish ishlari nafaqat infratuzilmaviy o‘zgarish, balki inson va tabiat uyg‘unligini ta’minlash, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish orqali mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu esa hududda ichki va tashqi turizm rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.  

Tumandagi “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Navro‘z aholi yashash punktida boshlangan aerodrom qurilishi Arnasoyning taraqqiyot pillapoyasidan dadil odimlayotganidan dalolat beradi. Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida joylashgan, umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etuvchi ushbu aerodrom nafaqat infratuzilma rivojiga, balki butun mintaqa iqtisodiyoti va turizm salohiyatining yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Qurilayotgan aerodromning uchish-qo‘nish yo‘laklari zamonaviy ATR 72-600 turdagi havo kemalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bir kecha kunduzda ikkita reysni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Arnasoyda amalga oshirilayotgan ana shunday muhim loyiha nafaqat hududdagi transport aloqalarini yaxshilaydi, balki investorlar, sayyohlar va tadbirkorlar uchun yanada qulay va ishonchli muhit yaratadi. Endi Arnasoyga kelish uchun yo‘llar uzoq va murakkab bo‘lmaydi. Havo yo‘li orqali ko‘l atrofidagi go‘zal tabiat, ajoyib va zamonaviy sanatoriy va mehmonxonalarga yetib borish nafaqat tez, balki xavfsiz va zamonaviy tarzda amalga oshadi.

– Jizzax vohasining eng chekka, cho‘l tumanida aerodrom qurish, bu shunchaki uchish-qo‘nish maydonchasi emas. Bu – Arnasoyning yangi sahifasi, uning logistika quvvati, savdo yo‘llari va sayyohlik potensiali uchun ochilayotgan keng eshikdir, – deydi tuman hokimi Odil Musanov. – Aerodrom qurilishi arnasoylik yoshlar uchun yangi, daromadli va doimiy ish o‘rinlari, aholimiz uchun iqtisodiy barqarorlik va kelajakka ishonch manbai hisoblanadi.

Ayni paytda qurilish ishlari jadal  davom etmoqda. Arnasoy endi nafaqat ko‘li bilan, balki havo yo‘llari orqali ham dunyoga taniladi.

A.Qayumov,  

J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari