Xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan Jizzax viloyatining Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov boshchiligidagi delegatsiya “Boshiran” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida tuman hokimi kompaniya prezidentiga milliy an’analarimizning timsollari — chopon va do‘ppi taqdim etdi. Bu o‘zbek xalqiga xos hurmat va e’tiborning samimiy namoyoni ekanligi ta’kidlandi.

Tashrif doirasida arnasoylik mutaxassislar kompaniyaning qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish zavodida bo‘lib, zamonaviy agregatlarning yaratilish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki,“Xinjiang Boshiran Agricultural Machinery Technology” kompaniyasi paxta hosilini yig‘ish texnikasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Xitoyda bu yo‘nalishda yagona malakali ishlab chiqaruvchi sifatida nufuzga ega. Kompaniya 3, 4, 5 va 6 qatorli agregatlarda ishlovchi paxta terim mashinalarining barcha turlarini mustaqil ishlab chiqarish imkoniga ega.


Mazkur uchrashuv va sayohat qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA