O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 17 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar, ijodkorlar, professor-o‘qituvchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Qurolli Kuchlar tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish doirasida har tomonlama rivojlangan, bilimdon, xalqiga, Vataniga xizmat qilish ishiga sodiq yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani, shubhasiz, ana shunday tinch va osoyishta hayotni hamda taraqqiyotimizni asrash, uni har qanday qora kuchlarning tahdididan muhofaza qilishda milliy armiyamizning o‘rni beqiyos ekanligi ta’kidlandi.
Qurolli Kuchlarimiz hamda harbiy xizmatchilarimizning matonat bilan qilayotgan mehnatlari va ularning kasbiy jarayonlari haqida yoshlarga tushunchalar berildi.
– Bu yilgi «Vatanparvarlik oyligi» doirasidagi tadbirlarda buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasidagi jasorati, jangu jadallardagi harbiy mahorati bosh g‘oya sifatida belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘qituvchisi, mayor Tolib Rajabov. – Jaloliddin Manguberdi harbiy san’at bobida o‘z davrida dovrug‘i yetti iqlimga ketgan bahodir bo‘lgan. Bu yilgi targ‘ibot tadbirlarimizda buyuk bobolarimiz ko‘rsatgan qahramonliklarni yoshlar ongiga singdirish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt oldidagi farzandlik burchini anglatishni maqsad qilganmiz.

– Vatanga sadoqat, ona yurtga muhabbat hissi kishi qalbidagi eng bebaho tuyg‘udir, – deydi Akademiya o‘qituvchisi kapitan Farhodjon Hojayev. – Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Armiya va xalq – bir tanu bir jon!» iborasi bugun barchani bir maqsad sari undaydi, ya’ni Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimiz ekanligini ham anglatadi.
Tadbir yakunida FVVning tegishli buyrug‘iga asosan Akademiyaning bir qator harbiy ofitserlariga harbiy unvonlar topshirildi. Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA