Harbiy xizmat jozibadorligini yanada oshirish, askarlarning jangovar ruhini ko‘tarish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini rivojlantirish va mustahkamlashda ijod ahlining ma’naviy ishtiroki muhim sanaladi.
Jumladan, taniqli shoir va yozuvchilarimiz bilan ijodiy hamkorlik milliy armiyamiz salohiyatini ma’rifiy jihatdan yuksaltirib boraveradi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Armiya va tarbiya” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri, Mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi a’zosi Sirojiddin Sayyid tomonidan yozilgan mazkur doston qisqa fursatda milliy armiyamizning mohiyatiga munosib ijod namunasi bo‘la oldi.
Taniqli san’atkorlar ishtirokida “Armiya va tarbiya” dostoni asosida videorolik suratga olinib, taqdimotda namoyish etildi.
[gallery-24685]
Yaqinda bosmadan chiqarilgan ushbu kitob taqdimoti birinchilardan bo‘lib Mudofaa vazirligi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida yuqori saviyada o‘tkazildi.
– Bugungi ma’rifiy uchrashuv – kitob taqdimotidan barcha qatori mamnun bo‘ldim. Armiya va ijodkorlar hech qachon bu qadar yaqin hamkor bo‘lmagan, – dedi tadbirni ochib bergan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev.
Tadbirda Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan “Armiya va tarbiya” she’riga bastalangan qo‘shiq jonli ijro etildi.
“Armiya va tarbiya” kitobining ilk nusxasi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning shaxsiy dastxati bilan mudofaa vaziriga tantanali ravishda taqdim etildi.
– Vatanni asrash barchamizning vazifamiz. Yangi avlodni bilim-ma’rifat bilan jaholatga qarshi kamol toptirish hammamizning burchimiz. “Armiya va tarbiya” dostoni bilan oz bo‘lsa-da ma’naviyatimizga hissa qo‘sha olgan bo‘lsam, bag‘oyat mamnunman. Harbiylarimiz qatori biz, shoirlar ham qo‘limizda qalamlarimiz bilan Qurolli Kuchlar safidamiz, deb bemalol ayta olamiz, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid.
Taqdimotda taniqli olim va shoirlar ishtirokida kitobdagi she’riy, ma’rifiy g‘oyalar, xususan, harbiy tarbiyaning milliy-ruhiy asoslari, ma’naviy-targ‘ibot vositasi sifatida adabiyotning o‘rni, armiya bilan jamoatchilik uyg‘unligi borasida qisqa savol-javoblar uyushtirildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, Almurod MAMADAMINOV (surat), O‘zA