O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari «ArMI – 2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etmoqda. 34 ta yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa o‘zaro bellashmoqda. Xususan, mamlakatimiz ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qilyapti.
Jizzaxdagi «Forish» poligonida «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari, Samarqanddagi «Sazag‘on» poligonida «Xavfsiz muhit», Sharqiy harbiy okrugda «Yo‘l patruli» va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Sodiq do‘st» musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda barcha jamoalar belgilangan manzillarga yetib borib, o‘zlariga biriktirilgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni qabul qilib olgan holda tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshlab yuborgan.
Jumladan, «Tank biatloni» musobaqasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston jamoasi hozirda Moskva viloyatidagi «Alabino» poligonida tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Tankchilar jamoamiz o‘zlariga biriktirilgan texnikalarni me’yor darajasiga keltirib, belgilangan nishonlarni yakson qilish bo‘yicha vazifalarga kirishdi. Ular shu tariqa harbiy texnikalarning holati, nishongacha bo‘lgan masofani belgilab olish va qurollarning texnik imkoniyatlarini o‘zlari uchun chamalab olishmoqda.
Vetnam, Venesuela va Qozog‘iston tankchilari bilan bir guruhdan joy olgan vakillarimiz yakkalik poyga bahslariga qizil rangli tankda 13 avgust kuni kirishadi.
Jazoirdagi «Bugor» poligonida o‘tkazilayotgan «Desant vzvodi» musobaqasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ham belgilangan manzil bilan tanishuv jarayonlarini boshlab yuborgan.
Ma’lumot uchun, «Desant vzvodi» musobaqasi turli vazifalarni o‘z ichiga olgan jami 9 ta shart bo‘yicha o‘tkaziladi. Ular orasida vzvod tarkibida desantlashtirish, yig‘in rayoniga chiqish, 10 kilometr masofaga marsh yugurish mashqlarini bajarish, jangovar texnikalar yordamida yakka tartibda poyga, armiya qo‘l jangi kabi shartlar mavjud.
Mo‘g‘uliston Respublikasida bo‘lib turgan «Otliq marafon» jamoamiz hozirda o‘zlariga biriktirilgan qurol va otlarni qabul qilib olib, bellashuvga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapti. Podpolkovnik Zokir Yallakayev boshchiligidagi «Otliq marafon»chilarimiz o‘tgan yilgi musobaqada faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Asosiy bahslar 14 avgustdan boshlanadi.
«Elbrus halqasi» jamoamiz esa mezbon davlat – Rossiya Federatsiyasi Kabardin-Bolqor Respublikasining Terskol hududida bo‘lib turibdi. Harbiy alpinistlarimiz o‘zlari uchun biriktirilgan qurol-aslahalar va anjomlarni qabul qilib, tayyorgarlikka kirishib ketgan. Musobaqada jami 9 ta davlat jamoasi ishtirok etadi. Bular Armaniston, Abxaziya, Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Uganda va Janubiy Osetiya. Jamoalar turli vazifalarni o‘z ichiga olgan 16 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
Ma’lumki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha o‘z maktabi shakllanib ulgurgan. Shu boisdan vakillarimiz xalqaro maydonlarda bo‘ladigan har bir musobaqada munosib ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘tgan yili «Elbrus halqasi» musobaqasida mezbon davlatdan keyin faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Yigit va qizlardan iborat «Harbiy-tibbiy estafeta» terma jamoamiz Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasiga joylashib, o‘quv nuqtalari bilan yaqindan tanishib chiqdi, akademiya o‘quv bazasida dastlabki tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshladi. Uch yildan beri peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelayotgan harbiy tibbiyotchilarimiz bu yilgi bahslarda dunyoning 14 davlatidan kelgan jamoalar bilan bellashadi. Mazkur yo‘nalishdagi musobaqaga 15 avgust kuni start beriladi.
«Qo‘shin razvedka a’lochisi» yo‘nalishadagi jamoamiz musobaqa o‘tkaziladigan hudud – Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tashmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi bahslar ham juda shiddatli va qiziqarli tarzda bo‘lib o‘tadi.
Unda dunyoning 15 davlatidan kelgan harbiy razvedkachilar o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etishadi. Hozirda jamoamiz o‘quv nuqtalarida bajariladigan shartlar ustida ish olib bormoqda. Bellashuvlar 17 avgustdan boshlanadi. Harbiy razvedkachilarimiz o‘tgan yilgi musobaqada mezbon davlatdan keyin faxrli ikkinchi o‘rinni egallashgan edi.
Harbiy aloqachilar mahoratiga baho beruvchi «Ishonchli qabul» musobaqasi Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston harbiy jamoasi ushbu yo‘nalishdagi bahslarga o‘tgan yildan boshlab qo‘shilgan va ilk ishtirokdanoq uchinchi o‘rinni band eta olgan edi.
Hozirda vakillarimiz o‘zlariga biriktirilgan texnika va jihozlarni qabul qilib olib, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini davom ettirishmoqda. 16 avgust kuni bellashuvlarga start beriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari Rossiya hududida o‘tkaziladigan, «Avtozirhli tank-texnika ustasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi», «Harbiy ralli», «Muhandis formulasi» musobaqalarida, «Qutb yulduzi», Qozog‘istonda «Armiya taktik o‘qchisi» va «Meridian», Venesuelada «Merganlik marrasi» hamda Eronda «Professional mergan» yo‘nalishlarida ishtirok etmoqda.
O‘zA