Xalqaro armiya o‘yinlarining Jazoirda o‘tkazilayotgan «Sodiq do‘st» musobaqasi ham tobora qizg‘in tus olmoqda.
Ayni paytda ikkinchi bosqichdan keyingi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi erkaklar jamoasi 9 ball, ayollar jamoasi esa 6 ball bilan birinchi o‘rinlarda borishyapti.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Shuningdek, vakillarimiz «Sodiq do‘st» tanlovida joriy yilgi ilk rekordni ham o‘rnatishning uddasidan chiqdi. Ya’ni, serjant Ulug‘bek Nurillayev 300 metr masofadagi to‘siqlarni xizmat iti bilan yengib o‘tish yo‘lagida rekord o‘rnatdi. Bu O‘zbekiston Mudofaa vazirligi erkaklar jamoasiga o‘zlari bilan bir xil ball to‘plagan Rossiya jamoasidan ustunlik berdi. Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Belarus, Jazoir hamda Vetnam bormoqda.


Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham o‘zbekistonliklar peshqadamlik qilishyapti. Jumladan, kontrakt bo‘yicha xizmatchi oddiy askar Diyora Valijonova yuqoridagidek bahsda 3 ta jamoa ichida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi. Keyingi o‘rinlarni esa Rossiya hamda Jazoir ayollar jamoasi band qilishgan.
O‘zA