Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«ArMI-2021»: O‘zbekiston jamoalarining Xalqaro armiya o‘yinlaridagi tarixiy natijalari
18:30 / 2021-09-09

Xabaringiz bor, joriy yilning 22 avgust-4 sentyabr kunlari «ArMI-2021» Xalqaro armiya o‘yinlari o‘tkazildi. Unda harbiylarimiz O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida VII Xalqaro armiya o‘yinlari g‘oliblari, rekordchilari va murabbiylar ishtirokida «ArMI-2021»: O‘zbekiston jamoalarining Xalqaro armiya o‘yinlaridagi tarixiy natijalari» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda bugungi kunda mamlakatimiz harbiy sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z borib, musobaqalarda namunali ishtirok etgan harbiylar taassurotlari tinglandi. Rekordlar ketma-ketligi, medallar shodasi istiqlolimizning 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘lgani alohida e’tirof etildi.

[gallery-3825]

– «ArMI-2021» Xalqaro armiya o‘yinlarida harbiylarimiz munosib ishtirok etdi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy tibbiyot fakulteti kafedra boshlig‘i Nosir Fozilov. – Buni natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Harbiylarimiz musobaqa oldi tayyorgarliklarida ham yaxshi ishtirok etdi. Namuna sifatida kichik serjant Amina Mamadovaning musobaqadagi yutug‘ini alohida e’tirof etmoqchiman. U «Shaxsiy mohirlik» bosqichining shtat qurollaridan amaliy otish shartida 193 ArMI-202ball bilan rekord natijasini 8 ballga yangiladi. So‘nggi rekord natija ham 2019 yil o‘zbekistonlik oddiy askar tomonidan o‘rnatilgan edi.

– Xalqaro musobaqada «Qurolsoz usta» jamoasi bilan Vatanimiz sha’nini himoya qildim, – deydi oddiy askar Habibjon Umarov. – Ushbu tur bo‘yicha musobaqalar Eronda o‘tkazildi. Musobaqada biz faxrli ikkinchi o‘rinni egalladik. Musobaqa besh bosqichli bo‘lib, biz har bir bosqichda o‘z bilim va salohiyatimizni, kuchimizni ko‘rsatishga harakat qildik. Ayniqsa, uchinchi bosqichda rekord natijani ko‘rsatganimiz hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Jamoamiz bilan keyingi musobaqalarda ham faol qatnashishni maqsad qilib olganmiz.

Anjumanda Mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, dunyoning 11 davlati hududida o‘tkazilgan «ArMI–2021» musobaqalarida 42 davlatning jami 277 jamoasi, 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha munosib ishtirok etdi hamda bellashuvlar davomida 4 oltin, 9 kumush va 4 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Musobaqalar davomida jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, shundan 10 tasi O‘zbekiston Respublikasi jamoalari hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston hisobida esa 2 tadan rekord qayd etilgan.

 

D.Mamatova, Muhammad Amin (surat), O‘zA