Armaniston TIV: Yerevan va Boku tinchlik muzokarasi o‘tkazishi kerak
Armaniston va Ozarbayjon o‘zaro tinchlik munosabatini o‘rnatishi kerak, “ayrim o‘yinchilar” Yerevanni harbiy harakatga tortmoqchi. Ayni fikrni mamlakat tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida bildirgan.
– Biz Armaniston Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining Qorabog‘da mavjudligi to‘g‘risidagi xabarlarni qat’iyan rad etamiz, bunday gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, – degan TIV rahbari. – Bu urinish ortida qator o‘yinchilarning Armanistonni harbiy harakatga tortish, shu tariqa bizning suveren hududimizda jangovar to‘qnashuvni davom ettirish istagi bor.
Mirzoyan ta’kidlashicha, “Armanistonning pozitsiyasi aniq va o‘zgarmas – suverenitet va hududlar yaxlitligini o‘zaro e’tirof etishdan kelib chiqib, tinchlik munosabati o‘rnatish”.
Vazir Qorabog‘dagi fuqarolik infratuzilmasi bo‘yicha jang va hujumni qoralashni talab qilib, hududda kechiktirmasdan BMT idoralararo missiyasi joylashtirilishini so‘ragan.