AQSHning Okeanshunoslik va atmosfera tadqiqotlari Milliy Boshqarmasi mutaxassislari Arktikani kengroq o‘rganishga qaror qildi.
Tadqiqot yakunlanganidan so‘ng, olimlar Arktikaning yangi navigatsiya xaritasini yaratdilar. So‘ngi bor Arktikaning Amerika va Kanadaga tegishli mintaqasida 1778 yilda tadqiqot olib borilgan edi. Arktika akvatoriysini xaritalash borasida AQSHda maxsus dastur qabul qilindi va tadqiqot ishlari 2015 yilda yakunlandi.
Olimlar so‘nggi yillarda Arktika muzliklari eriy boshlagani xaqida bong urishmoqda. BMT huzuridagi Jahon Meteorologiya tashkiloti olimlarining so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yillar davomida atmosferaga rekord darajada parnik gazi chiqarilgan. Shu tariqa insoniyat iqlim o‘zgarishiga o‘zining navbatdagi salbiy ta’sirini ko‘rsatishda davom etmoqda. Iqlim o‘zgarishi esa o‘z navbatida Arktika muzliklarining erishini tezlashtirmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, vaziyat shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, asrimiz so‘nggiga borib Arktikaning qiyofasi butunlay o‘zgarib ketar ekan. Ayni damda kunlarning isib borishi oqibatida Arktika muzliklari maydonining qisqarish jarayoni saqlanib qolmoqda. Arktika xududlariga Atlantika okeanidan iliq suvlarning yetib borayotgani ham muzliklar erishi bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirmoqda.
Jaryonni kuzatib borayotgan muttaxassislarning fikricha, muz tog‘larining qalinligi tobora qisqarib ketmoqda ekan. Bu borada Shimoliy Muz okeanidagi muz tog‘larini gidrolokator yordamida o‘rganib chiqqan Norvegiya Qutb instituti olimlari bayonot berishdi. Okeanograf olim Ermond Xansenning so‘zlariga qaraganda, qalinligi 5 metrdan ortiq muzliklar deyarli qolmadi, hisob. 1990 yillarda bu kabi muzlik Arktika muzliklarining 28 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib bu raqam 6 foizga tushib qolgan.
Hozircha Arktika muzliklari quyosh nurini aks ettirmoqda. Mabodo bu jarayon to‘xtab qolgudek bo‘lsa, yer shari qobig‘i ko‘proq quyosh nuri va issiqlikni o‘ziga singdiradi. “Agar biz Arktika muzliklaridan mahrum bo‘lsak, u holda global issiqlik qarshisida yakkalanib qolamiz”, deydi Jahon Yovvoyi tabiat jamg‘armasining Arktika dasturi rahbari Martin Sommerkori. Muzliklarning erishi global jarayon ekanini tan olgan mutaxassislar, Arktika muzliklari erishda davom etaveradigan bo‘lsa, u holda 2100 yilga borib jahon okeanlarining satxi bir yarim metrga ko‘tarilishidan bong urishmoqda.
Muzliklarning erishi Arktika tabiatiga, jumladan oq ayiq, morj, baliq va qushlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, oq ayiqlarning yemishi bo‘lmish jonivorlar soildan uzoqlashishi tufayli oq ayiqlar nobud bo‘lishi ehtimoli bor. Nobud bo‘lmagan taqdirda, ularning insonlarga ujum qilish tahdidi saqlanib qoladi.
Muzliklar erishi tufayli Arktikada kemalar qatnovi keng yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Chunki Yevropadan Osiyoga borish, Suvaysh kanalidan ko‘ra Arktika orqali yaqinroq ekan. Biroq bu bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Gap bu yerda muzliklar erishi oqibatida yuzaga keladigan va kemalar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladigan aysberglar haqida ketmoqda. Shuningdek Arktikada iqlim o‘zgarishi kuchli shamol to‘lqinlariga ham sabab bo‘ladi. Arktika shamollari ham kema qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Arktikada uglevodorod qazib olish amaliyoti ham mutaxassislar tomonidan tanqid qilinmoqda. Ularning fikricha, neft konlarida fojia yuz bergudek bo‘lsa, u holda neft mahsulotlarini muzliklar “shimib oladi”. Quruqlik, dengiz va okeanda bu kabi fojia talofatlarini oldini olish mumkin. Biroq Arktikada talofatlarni bartaraf etishning mutloqo imkoni yo‘qligi ta’kidlanadi. Shu sababli ham Arktikada xo‘jalik ishlarini olib borishda yetti o‘lchab bir kechish maqsadga muvofiqdir. Nima bo‘lganda biz Arktikada tabiatga yon bosishimiz kerak. Aks holda insoniyat bir qator muammolar bilan to‘qnash kelishi aniq.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA