Toshkent shahar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan poytaxtimizdagi “Ark buloq” chegara maskaniga press-tur tashkil etildi.
Jurnalistlar chegara maskani inspektorlari faoliyati, xususan, karantin osti yuklarini karantin nazoratidan o‘tkazish tartibi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Dastlab yig‘ilganlar uchun brifing tashkil etilib,unda inspeksiya tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar hakida ma’lumotlar berildi.
Mamlakat xavfsizligini ta’minlashda o‘simliklar karantini xizmati muhim rol o‘ynaydi. Chunki birgina zararli organizmni urug‘, ko‘chat kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari orqali mamlakatga olib kirib, butun qishloq xo‘jaligini izdan chiqarish mumkin. Bunday mudhish holatlar xorijiy mamlakatlar tajribasida bir necha bor kuzatilgan.
Shu boisdan inspeksiya tomonidan eksport va import bo‘layotgan karantin osti yuklari nazoratini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, har bir mahsulot sinchkovlik bilan karantin ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Brifingda ma’lumot berilishicha, inspeksiya tomonidan 2020 yil mobaynida chet mamlakatlarga eksport qilingan 446 ming 968 tonna karantin ostidagi yuklar va 905 ming 121 dona har xil mevali va manzarali ko‘chatlar hamda gullar karantin nazoratidan o‘tkazilib, ularga xalqaro standart talablariga muvofiq bo‘lgan 19 ming 66 dona fitosanitar sertifikat berilgan.
Zararli organizmlar aniqlangan eksport, import va mahalliy karantin nazoratidagi yuklarda umumiy hajmda 782 ming 642 metr kub va 453 ming 265 metr kvadrat zararsizlantirish ishlari olib borildi. Inspeksiya tomonidan 2020 yil mobaynida chet mamlakatlardan import qilingan 2 million 207 ming 638 tonna karantin ostidagi yuklar, 5 million 887ming 966 dona har xil mevali, manzarali ko‘chatlar hamda gullar karantin nazoratidan o‘tkazilib, ularga 54 ming 191 dona karantin ko‘rigidan o‘tkazish dalolatnomalari va transport birligi dalolatnomalari rasmiylashtirib berildi.
Import qiluvchilar tomonidan 239 ta holatda mahsulotlar karantin qoidalari buzilishi va zararlangan holatda keltirilganligi sababli rad etilib, 13 holatda orqaga qaytarilgan. Shu jumladan, hujjatlarsiz va zararlangan holatda keltirilgan 1681,3 kilogramm o‘simlik maxsulotlari va 28 ming 394 dona har xil ko‘chatlar hamda gullar yoqish va ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Tashqi karantin bo‘yicha 4 ming 244 dona dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Inspeksiyaning ichki karantin bo‘yicha Toshkent shahrining 12 ta tumanidagi 13ming 412 ming gektar yashil xududlarda dala nazorati tadbirlari olib borilib, 2 ming 411 ta dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shu jumladan, 15,91 gektar maydonlarda zararli organizmlar aniqlangan va qarshi kurash choralari olib borilgan. Shuningdek,19,53 gektar issiqxonalar karantin nazoratiga olinib, ro‘yxati shakllantirildi. Manzarali va gul ko‘chatlar yetishtiriladigan 11 gektar issiqxona karantin nazoratidan o‘tkazildi hamda 8 million 426 ming 546 dona manzarali gullar shahrimiz maydon hamda ko‘chalariga ekildi.
Shahrimiz hududidagi eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulotlarni chet davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirish, tegishli maslahatlar va amaliy yordam berish uchun mavjud 8 ta qadoqlovchi korxona ro‘yxati shakllantirilib, tumanlar miqiyosida o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktirildi.
Brifing davomida inspeksiya tomonidan joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Shahar hududidagi karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish, olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan issiqxona, mevali bog‘, qayta ishlash korxonalari, qadoqlash sexlari
va omborxonalarda karantin ostidagi mahsulotning o‘simliklar karantini qoidalariga hamda fitosanitariya talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida monitoring yuritildi va 13 marotaba Markaziy karantin laboratoriyasiga belgilangan tartibda namunalar topshirildi.
Shundan so‘ng yurtimiz hududiga chet mamlakatlardan olib kelinayotgan yoki boshqa davlatlarga eksport bo‘layotgan karantin osti yuklarining nazorati jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
bugungi kunda mazkur chegara maskanida faoliyat olib borayotgan inspektorlarning har biri maxsus planshetlar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu karantin osti yuklariga elektron tartibda dalolatnomalar,sertifikatlar berishda qo‘l kelmoqda.
Press -tur so‘nggida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga inspektorlardan javoblar olishdi.
N.Nasriyev,
O‘zA