Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Argentinaga yutqazdik, lekin bugun yutamiz, sababi, yutganmiz ham
15:29 / 2021-02-03

Xabar berganimizdek, kecha futzal bo‘yicha Argentina terma jamoasi bilan o‘tkazilgan dastlabki o‘yinda futzalchilarimiz kichik hisobda imkoniyatni boy berishdi.

Aslida vaziyat o‘yin oldidan butunlay boshqacha edi. «O‘zbekiston» sport majmuasiga o‘yinni tomosha qilish uchun kirib kelayotgan muxlislar orasida turli gap-so‘zlar quloqqa chalinardi. Kimdir «Argentinaga 0:5 hisobda yengilsak, do‘ppini osmonga otamiz», desa, «10 ta gol yemasak bo‘lgani» deydiganlar ham bor edi. Bu mish-mishlar Argentina futzal termasining amaldagi jahon chempioni ekanligidan, futbolning ikkinchi raqamli qiroli Maradona, bugunning dunyo yulduzi Messining aynan shu yurt fuqarolari ekanligidan kelib chiqayotganligi bejiz emasdi.

Lekin ancha-muncha futzal muxlislari unutib yuborgan bir haqiqat bor. O‘zbekistonlik futzalchilarimiz uchun Argentina termasi yetib bo‘lmas tog‘ emas, o‘z davrida yirik hisobda ustunlikka erishgan yutug‘imiz ham bor. Bundan o‘n yillar oldin, aniqrog‘i, 2010 yilda Tailandda tashkil etilgan xalqaro turnirda vatandoshlarimiz Lotin Amerika qit’si vakillarini yirik – 5:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqishgan. O‘shanda terma jamoamizga braziliyalik mutaxassis Sapo ustozlik qilardi. Esingizda bo‘lsa aynan Sapo boshchiligida termamiz o‘sha yili Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida finalga qadar yetib borgan va hal qiluvchi o‘yinda yaponiyaliklarga yengilgandi. O‘shanda terma jamoa tarkibini Rustam Umarov, Artur Yunusov, Shuhrat Tojiboyev, Jamol Sharipov, Ilhom Yusufjonov, G‘ulom Mamajonov, Konstantin Sviridov, Suxrob Berdiyev, Faxriddin Samegov, Nikolay Kravchenko, Nodir Eliboyev, Shavkat Muhitdinov kabi tajribali futzalchilar tashkil etardi. Ko‘rib turibsizki, o‘shandagi tarkibdan ayni paytda birgina Rustam Umarov hamon maydonda, hamon jamoa sardori (Rustam haqida yana shuni aytish mumkinki, u Osiq chempionatlarida eng ko‘p mavsum o‘tkazgan futzalchi sifatida qit’ada birinchi o‘rinda turadi). Argentina termasining bugungi tarkibida o‘sha paytda ham o‘ynagan 4-5 nafar futzalchi hamon to‘p surayotganligiga guvoh bo‘ldik.

Xo‘sh, kechagi o‘yinda boshqacha natija qayd etilishi ham mumkinmidi? Mumkin edi. Argentinaliklar haqiqatdan ham ayni paytda dunyoning eng kuchli termasi ekanliklarini isbotlashdi. To‘p bilan muomala qilishdagi, to‘pni ushlab turishdagi, to‘pni sheriklariga aniq va qulay yetkazib berishdagi mahoratlariga tan berdik. Jamoaviy taktikayu, individual texnika jamlangan. Bir xil saviyadagi uchta to‘rtlik bor, almashuv ham bitta-ikkitalab emas, to‘rtlikda amalga oshiriladi. Raqib hujumini oson «sindiradi», qarshi hujumga kutilmaganda, tezlikda o‘tiladi. Darvoza tomon zarbalarning son-sanog‘i yo‘q. Xuddi shu zarbalarning qanchasi darvoza to‘ridan joy olishi mumkin edi, agar Rustamdek darvozabon mahorat ko‘rsatmaganda. Zarbalarning ikkitasi esa darvoza to‘sin va ustuniga tegib qaytgani ham bizning foydamizga ishladi.

Hisob hatto bizning foydamizga ham hal bo‘lishi hech gap emasdi. Mezbonlar tomonidan esda qoladigan xavfli vaziyatlar bo‘lganini hamma ko‘rdi. Dilshod Raxmatov va Ixtiyor Ropiyevning zarbalari, Akbar Usmonovning darvozabon bilan yolg‘iz chiqqandagi vaziyatlar golga aylanganida, kim biladi ikkinchi marotaba argentinaliklarni mag‘lub etgan bo‘larmidik. Nima bo‘lgan taqdirda ham futzalchilarimiz hech kimda salbiy taassurot qoldirmadi.

Ayniqsa, tashkilotchilik syurprizlarga boy bo‘ldi. O‘zbekistonlik futzalchilarning xuddi profiboks oqshomidek ichkaridan olov orasida qo‘lida bayroq bilan chiqib kelishlari, mehmon delegatsiyalarining har biriga o‘zbekona lutf bilan zarbop chopon kiydirilganligi, har ikkala jamoa o‘yinchilari egniga jahon futboli yulduzi, marhum Maradona to‘p surgan 10-raqamli futbolkalarni kiygan holda bir daqiqalik sukut saqlanganligi...

Bugun O‘zbekiston va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvining javob o‘yini. Oldidan bir nima deyish qiyin. Yo yutamiz, yo yutqazamiz, balki kuchlar teng kelar. Ko‘ramiz.

Oybek YUNUSOV, O‘zA