Mamlakatimizda milliy adabiyotimiz darg‘alari xotirasini e’zozlash, ularning asarlarini chop etish, ijodini keng targ‘ib etish masalasi ma’rifiy yangilanish jarayonlarida muhim o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “O‘z vaqtida Halima Xudoyberdiyeva qatori ko‘plab iste’dodli ijodkorlarga ustozlik qilgan O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon Sirdaryoning fidoyi farzandi, haqiqiy kuychisi edi. Nafaqat Sirdaryoda, balki butun mamlakatimizda bu ajoyib insonning nomini eshitmagan odam, uning dilbar she’rlari va qo‘shiqlari kirib bormagan xonadon yo‘q, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Bu ulkan ijodkorning adabiy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlodimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy olamini yuksaltirish uchun Mirzaobod tumanidagi To‘ra Sulaymon yashab ijod qilgan xonadonda shoirning uy-muzeyini tashkil qilsak, el-yurtimiz, adabiy jamoatchiligimiz bu taklifni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman”, deb ezgu tashabbusni ilgari surgan edi.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon istiqomat etgan hovli joyda ijodkorning uy-muzeyi barpo etilgani adabiyot muxlislarini juda quvontirmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha go‘shalarida O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday adabiy-badiiy anjuman Yozuvchilar uyushmasida ham tashkil etildi. Kechada taniqli shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar xalqimizning ardoqli farzandi, betakror ijodkor To‘ra Sulaymonning hayot va ijod yo‘llari, uning she’riyati haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumki, To‘ra Sulaymon nomini abadiylashtirish, ijodini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, To‘ra Sulaymonning 90 yilligiga bag‘ishlab Sirdaryo viloyatida ma’naviy-ma’riiy, adabiy-badiiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar va davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi. Sirdaryoda shoirning uy-muzeyi ochildi.
Maktablarda, oliygohlarda va kollejlarda shoirning hayoti va ijodiga oid ko‘plab tadbirlar tashkil qilindi. Guliston davlat universitetida shoirning 90 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini shakllantirishda To‘ra Sulaymon ma’naviy merosining ta’siri” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi va ushbu anjuman materiallari kitob holida chop etildi.
Uyushma a’zosi Ravshanbek Mahmudovning “To‘ra Sulaymon abadiyati” nomli monografiyasi va “To‘ra Sulaymon zamondoshlari xotirasida” nomli kitoblari nashr qilindi.
Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, To‘ra Sulaymon 1934 yil 15 fevralda Baxmal tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan mukofotlangan.
Uning ijodi o‘tgan asrning 50-yillarida boshlangan. Ilk she’rlar to‘plami «Istar ko‘ngil» nomi bilan chop etilgan edi. Keyinchalik shoirning «Men qayga borar bo‘lsam» (1965), “Jahongashta” (1970), “Hamqishloqlarim”, “Intizor” (1973), «Sirdaryo qo‘shiqlari» (1974), “Iltijo” (1976), “Alhazar” (1976), “To‘yboshi” (1977), «Sizni eslayman» (1980), «Qora ko‘zginam» (1981), “Gulshan” (1988), “Sarvinoz” (1990), “Xarsang” (1994), “Jahonnoma”, «Gul bir yon, chaman bir yon» (1996), “Yovqochdi” (1998), “Sayhon” (2003) kabi kitoblari adabiyot muxlislariga yetib bordi.
Shoirning ko‘plab she’rlari dilbar qo‘shiqlarga aylangan. To‘ra Sulaymonning «Mamlakatning tayanch nuqtasi» nomli publitsistik maqolalar to‘plami 2004 yilda chop etilgan.
Tadbirda shoirning hayoti, ijodi, insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritildi. Qo‘shiqqa aylangan she’rlari xonandalar tomonidan ijro etildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri