Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aralash saylov tizimi fuqarolarning siyosiy faolligini oshiradi
14:49 / 2024-10-11

Jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning roli hamda fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish demokratik islohotlarning muhim bosqichi sanaladi. Shu bois ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan g‘oya va maqsadlarni ko‘zlab, ishtirok etishlarini ta’minlashda aralash saylov tizimini joriy etish taklifi anchadan buyon ilgari surib kelinmoqda.

Jahon tajribasining ko‘rsatishicha, siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish hamda davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro uzviylikni ta’minlashda ochiq va shaffof ko‘rinishdagi saylov tizimi muhim ahamiyatga ega. Chunki saylov demokratik davlatning muhim belgisidir. Majoritar va proporsional saylov tizimi – aralash saylov tizimi deb yuritiladi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozog‘iston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar ushbu tizim asosida o‘tkaziladi. Aralash saylov tizimiga o‘tilishi shubhasiz, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni kuchaytiradi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan saylov tartiblari mavjud bo‘lib, bularning ichida, ayniqsa, davlat qurilishi tajribasida saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlaridan unumli foydalanib kelinmoqda. Hozirgi kungacha yurtimizda saylov jarayonlari majoritar tartibda o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, ya’ni hududiy bir mandatli okrug bo‘yicha saylanardi. O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davrdagi amaliyot va umuman xorijiy davlatlar tajribasi majoritar saylov tizimining ijobiy jihatlari bilan birga, bir qator o‘ziga xos kamchiliklarini namoyon etdi. Amalda bo‘lgan ushbu majoritar saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatini samarali rivojlantirish, ularni huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining qudratli instrumentiga aylantirishga to‘sqinlik qiluvchi qator konseptual muammolar mavjud edi. Misol uchun, majoritar saylov tizimi “g‘olib – barcha yutuq egasi” tamoyiliga asoslanganligi sabab saylovchilar xohish-istaklarining real holatini to‘liq namoyon etmaydi. Bu partiyalarning, umuman, ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik yaratadi. Shu bois, ayni damda partiyalarimiz garchi qonun ijodkorligida tajribasi, ayrim hollarda bunga istagi yo‘q bo‘lsada, taniqli, shu hududda obro‘-e’tiborga ega kishilarni nomzod qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Oqibatda deputatlar ayrim hollarda parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatida faollik ko‘rsatmasdan, asosan, o‘zining mahalliy, mintaqaviy manfaatlarini ifodalab keladi.

Demak, yangi aralash saylov tizimi siyosiy partiyalar mintaqaviy bo‘limlarining shakllanishi va rivojlanishini rag‘batlantiradi, ular ishi va raqobat kurashi samaradorligini oshiradi. Bu esa joylarda keng ommaning, aholining siyosiy partiyalarga bo‘lgan ishonchini oshiradi, saylovchilarni faol bo‘lishga undaydi. Aralash tizim tufayli qonunchilik faoliyati sifati yaxshilanadi, aholining deputatlarga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha murojaatlari soni oshadi, deputatlar tomonidan qonunchilikka tuzatishlar kiritish bo‘yicha faolligi oshadi, qonun chiqaruvchilarning qonun loyihalarini tayyorlash va ularni amalga oshirish yuzasidan mintaqalarning ijro etuvchi hokimiyat rahbarlariga talabchanligi oshadi. Natijada xalqning siyosiy jarayonlarga qiziqishi ortadi. Partiyalar, ularning saylovoldi dasturi va siyosiy faoliyati orqali aholining turli qatlam va guruhlarining jamoatchilik fikri ob’ektiv tarzda hisobga olinishi boshlanadi. Boshqa tomondan, professional parlament shakllanishiga imkon beradi. Uning tarkibi esa jamiyatda siyosiy kuchlarning nisbatini aks ettiradi. Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarni charxlaydi, chunki deputatlarning bir qismi proporsional asosda saylanadi. Zamonaviy demokratik jamiyatda siyosiy partiyalar aholi bilan axloqiy ishlar olib borish uchun emas, balki saylovlarda ishtirok etish uchun tuziladi. Siyosiy partiyalar faol va tashabbuskor bo‘lar ekan, aholi ham o‘z-o‘zidan siyosiy faol bo‘ladi, siyosiy ongi va madaniyati yuksaladi.

Yangi tizim Oliy Majlis palatalarining davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga, ularning ichki va tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni hal etishdagi vakolatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Barcha sohalarda vaziyatni har tomonlama o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish uchun ta’sirchan choralar ishlab chiqishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish, qabul qilingan qonunlarning amaliyotda so‘zsiz va to‘liq ijro etilishini ta’minlashda parlamentning ishtirokini kengaytirish garovi bo‘lib ham xizmat qildi. Qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirishning amaldagi mexanizmlarini samaradorlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, mazkur jarayonlarda fuqarolarning ishtirokini ta’minlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshiradi. Oliy Majlis palatalarida hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan , masofaviy ishlash amaliyotini keng joriy qilish, hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlari muhokamasida tegishli hududdan saylangan deputat va senatorlarning ishtirokini kuchaytiradi. Deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini faollashtirishga ko‘maklashadi. Qonunchilik palatasi boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish, parlament saylovlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida yanada takomillashtirish imkonini beradi.

Aralash saylov tizimi hududiy va partiyaviy manfaatlarni ifodalashi bilan muvozanatlashgan vakillikni ta’minlashga xizmat qiladi. Partiyalarga va nomzodlarga ovoz berish imkoniyati tufayli ham saylovchilar uchun kengroq tanlov imkoni bo‘ladi. Aralash saylov tizimida partiyalararo raqobatga ham e’tibor kuchayadi. Partiyaviy munosabatlarga ta’sir etuvchi tizimli shart-sharoitlar va ma’lum ijtimoiy makondagi barcha partiyaga teng ta’sir ko‘rsatadigan partiyalararo raqobat siyosiy tizimning muhim elementidir. Partiyalararo raqobat siyosiy tizimning sog‘lom ishlashini ta’minlaydi, aholini siyosiy faol bo‘lishga undaydi va bu bilan jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan ishlashini samarali tashkil etishga xizmat qiladi, ular oldidagi mas’uliyat va hisobdorligini kuchaytiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlat va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashda, aholining siyosiy faolligini oshirishda shubhasiz, siyosiy partiyalar va ulardan saylangan deputatlarning o‘rni katta. Xalq vakillarining saylanishida va ularning mamlakat hayotida kechayotgan siyosiy jarayonlarda faollik bilan ishtirok etishida ochiq va shaffof saylov tizimi zarur, deb hisoblayman. Jahon tajribasida o‘zini oqlagan aralash saylov tizimi – fuqarolarning siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa milliy parlamentimiz faoliyatining kuchayishida, siyosiy partiyalarning yanada jadallashuvida debocha vazifasini o‘taydi.

Abdurafiq Hoshimov,

JIDU huzuridagi Diplomatiya

akademiyasi kafedra mudiri.