Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir bo‘lgan qishloq va mahallalar toifasiga kiritildi.
Bugun mazkur hududda “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida ko‘plab ijtimoiy ob’ektlar qad rostlash arafasida.
– Hududimizda 6 ta ya’ni Ziyokor, Sherobod, Arabxona, Yangiyer, Nurli yo‘l va Yulduzlar ko‘chalari mavjud, – deydi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nuriddin Qulliyev. – Ularda 495 ta aholi xonadoni mavjud bo‘lib, 560 ta oila, 2 ming 30 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududimizda bor yo‘g‘i 1 ta umumta’lim maktabi mavjud. U ham bo‘lsa sobiq ittifoq davrida ya’ni 1964 yilda qurilgan. bugungi kun talabiga umuman javob bermaydi. Davlat dasturi asosida joriy yilda 240 o‘rinli yangi zamonaviy maktab quriladi. Shuningdek, hududimizda qishloq vrachlik punkti, maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yo‘qligi sabab, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur ijtimoiy ob’ektlar qurilib xalqimizga tuhfa etiladi.
Ayni paytda mahalla fuqarolar hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. Respublika hamda viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhlari xonadonma xonadon yurib, aholining muammolarini o‘rganmoqda. Shu bilan birga, ularning yashash turmush tarzidagi nuqsonlar bartaraf etilmoqda.
[gallery-1000]
– 15 sotix uchastkam mavjud, – deydi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Arabxona” ko‘chasi 179-uyda yashovchi Qahramon Yaxshiyev. – Ko‘p yillar Rossiya davlatida ishlab hovli joyimni ko‘tarib qo‘ygandim. Lekin uni ta’mirlash, saranjom-sarishta qilish mablag‘ talab qilardi. Ayni paytda oilam bilan birga hech qayerda ishlamaymiz. Oilani boqish uchun qurilishda norasmiy ishlarni bajarib yuribman. Lekin Yurtboshimizning Olot tumaniga tashrifi men va men kabi mahalladoshlarimni og‘irini yengil qildi. Respublika hamda viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi hovlimni yanada ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qilishdi. Uy-joyim tartibga keldi. Devorlar oqlandi. Darvozaxona, molxona, tandirxonalar qurib berildi. Tomorqam tartibga keltirildi. Issiqxonalar qurib berildi. Hozir issiqxonada limon ko‘chatlari, ko‘katlar ekildi. Tomorqamda 30 tup olma, shaftoli, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazib berildi. Menga bir bosh sog‘iladigan sigir, 50 ta tovuq berildi. O‘g‘lim Sherzodjon Shukurov hududimizdagi sport maktabiga murabbiy qilib ishga joylashtirildi. Uyimiz namunali uy deb e’tirof etildi. Oilamiz bilan bundan juda ham xursandmiz. Hozir mahallamizdagi barcha uylarni mening hovlimga o‘xshab chiroyli qilib tartibga keltirishyapti.
– 20 sotix hovli joyim bor, – deydi “Arabxona” ko‘chasida yashovchi Gulchehra O‘rinova. – Oilada faqat turmush o‘rtog‘im ishlardi. 3 nafar qizim va men ishsiz edik. Ishchi guruhi tomonidan qizlarim tumandagi “Zarhalteks” MCHJ korxonasiga ishga joylashtirildi. Menga esa tomorqamdan subsidiya asosida bir sotixlik issiqxona qilib berishdi. Issiqxonada pomidor, bodring ekishni boshladim. Uy-joyimiz ta’mirlab berildi. Bizga bunday shart-sharoitni yaratib berayotgan yurtboshimizga rahmat aytaman.
Hududda 39 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ayni paytda ishchi guruhlari tomonidan ularning bandligi ta’minlanmoqda.
Darhaqiqat bugun Arabxonada ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Respublika hamda viloyat hokimligi hamkorligida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan “mahallabay”, “fuqarobay” ishlar amalga oshirilib, aholini qiynab kelayotgan muammolar bartaraf etilmoqda. Har bir ko‘cha viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, soliq, milliy gvardiya tashkilotlariga biriktirildi. Biriktirilgan viloyat va tuman tashkilotlari tomonidan qator amaliy ishlar boshlab yuborilgan. 85 ta maxsus va muhandislik texnikalari jalb qilindi. Amaliy tadbirlarda asosiy e’tibor aholini himoyaga muhtoj qatlamlaridagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratildi.
Zarif KOMILOV,
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA