AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan taqdim etilgan G‘azo mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish va urushdan keyingi tartibni belgilash bo‘yicha taxminiy reja arab-musulmon davlatlari yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda “Axios” yangiliklar portali uch manbaga tayanib deb yozgan.
Bir necha kun oldin Amerika rahbari mojaroga barham berish bo‘yicha 21 banddan iborat hujjat taqdim etgandi. Reja bir necha tamoyil, jumladan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinini butun G‘azo sektoridan bosqichma-bosqich olib chiqib ketishga asoslangan. Bundan tashqari mintaqaning urushdan keyingi tuzilishini belgilab, Falastinning XAMAS harakati hududlarni boshqarishdan chetlatilishini talab qiladi. Qolaversa, falastinliklar, arab va musulmon harbiy xizmatchilardan iborat xavfsizlik kuchlari yaratilishini nazarda tutadi. Shu tuzilmalar rahbarlari G‘azodagi yangi ma’muriyatni moliyalashtiradi.
– Muloqot yakunida arab va musulmon yetakchilari ushbu tamoyilni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va urushdan keyingi rejada ishtirok etishga va’da berdi, – deb yozgan portal. Uchrashuvda Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Iordaniya, Turkiya, Indoneziya va Pokiston rahbarlari, yuqori martabali amaldorlari ishtirok etgan. Ular Tramp rejasini qo‘llab-quvvatlash barobarida tegishli talab ham qo‘ygan. Jumladan, Isroil G‘arbiy Sohil yoki G‘azo sektori bir qismini egallamasligi, hududda aholi manzili barpo etmasligi kafolatini ilgari surgan.
Tramp avvalroq G‘arbiy Sohil bo‘yicha keskin gapirgan. Isroil hududning biror qismini qo‘shib olishiga yo‘l qo‘ymasligini ochiq aytgan.
S.Rahimov, O‘zA