Saudiya Arabistoni Podshohligi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Alkanaan Fahad Abdulrahman boshchiligadagi delegatsiya Buxoroga keldi. Mehmonlarga Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov hamrohlik qildi.
Tashrif doirasida arab delegatsiyasi ko‘hna Buxoroning tarixiy qismi – Eski shahar bo‘ylab sayr qildi. Tashrifning mazkur qismi mehmonlarga shaharning boy madaniy merosi va ko‘p asrlik tarixiy an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Delegatsiya a’zolari Labi hovuz majmuasi, Mir Arab madrasasi, Kalon minorasi va Ark qal’asi kabi dunyoga mashhur me’moriy yodgorliklarni ko‘zdan kechirdi. Ularga mazkur inshootlarning tarixi, me’moriy xususiyatlari hamda ularni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmonlarni Buxoro shahrining nafaqat tarixiy qiyofasi, balki buguni, yangilanish va bunyodkorliklar, zamonaviy rivojlanish jarayoni ham befarq qoldirmadi. Ular qadimiy madaniyat maskanlaridan biri Buxoro aholisining samimiy mehmondo‘stligi va boy madaniy merosidan taassurot oldi.
Zarif Komilov, O‘zA