Nyu-Yorkda “ikki davlat yechimi” bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Yevropa Ittifoqi va Arab Ligasi HAMASni qurolsizlanishga da’vat etuvchi deklaratsiyani qo‘llab-quvvatladi. Qatar,Saudiya Arabistoni va Misr kabi yetakchi arab davlatlari ushbu yig‘inda tayyorlangan deklaratsiyani imzoladi. Hujjatda HAMAS radikal guruh sifatida G‘azodan chiqib ketishi lozimligi aytilgan. Bundan tashqari, HAMAS G‘azodagi nazoratni va barcha qurollarni Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishi talab qilingan.
Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo ushbu anjumanda so‘zga chiqib, mintaqada xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish va ularning xavfsizlikni ta’minlash borasida ishtirokini taklif etgan.
YeI va Arab Ligasi tomonidan ma’qullangan mazkur deklaratsiya 2025 yil sentyabr oyiga qadar BMT tomonidan rasman qabul qilinishi kutilmoqda. Unga qadar bu jarayonga boshqa xalqaro tashkilotlar va o‘lkalar ham qo‘shilishi mumkin. Fransiyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Jan-Noel Barro qabul qilingan hujjatni “tarixiy va misli ko‘rilmagan” deya baholadi. Tadbir doirasida Fransiya boshchiligidagi 15 ta G‘arb mamlakati dunyo jamoatchiligini mustaqil Falastin davlatini tan olishga chaqirgan.
Hujjatni imzolovchi davlatlar HAMASdan garovga olingan shaxslarni Isroilga qaytarishga chaqirdi va qariyb ikki yildan beri davom etayotgan ziddiyatni to‘xtatish talabini bildirdi.
AQSH va Isroil vakillari bu konferensiyada ishtirok etishdan bosh tortishgan. Ular har doimgidek hozirgi sharoitda Falastin davlatini yaratish terrorizmni qo‘llab-quvvatlash, deya baholashmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/PisXUyIOFDE?si=7Wxef9jVnCtw6FZA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev,O‘zA