Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arab davlatlari falastinliklar ko‘chirilishiga qarshi
18:05 / 2025-02-04

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Misr va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi bosh kotibi Husayn Al-Shayx AQSH davlat kotibiga xat yo‘lladi. Maktubda siyosatchilar G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish rejasiga qarshi ekanliklarini bildirishgan. Bu haqda “Axios” portali xabar tarqatdi.

– Besh arab davlati tashqi ishlar vazirlari va Falastinning yuqori martabali amaldori davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llagan qo‘shma maktubda falastinliklarni G‘azo sektoridan chiqarib yuborish rejasi qoralanib, buning o‘rniga ularni qayta qurish jarayoniga qo‘shish talab qilingan, – deb yozdi nashr.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Donald Tramp G‘azo aholisini arab mamlakatlariga vaqtincha va uzoq muddatga joylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgandi. Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich ham shunday rejani ishlab chiqish mo‘ljallanayotganini aytgan. Misr Tashqi ishlar vazirligi Qohira falastinliklarni vaqtincha yoki uzoq muddatli asosda joylashtirishga urinish qabul qilinmasligini ta’kidladi.

Ma’lumki, 19 yanvardan beri sektorda Isroil va Falastinning XAMAS harakati o‘rtasida Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar evaziga garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha erishilgan kelishuv doirasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda.

Bitimning birinchi bosqichi doirasida ikki marta almashinuv amalga oshirildi. 42 kun davomida 1000 ga yaqin falastinlik mahbus evaziga 33 nafar garovga olingan isroillik ozod qilinishi ko‘zda tutilgan. Sulhning birinchi kunidan buyon G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazib berish hajmi kuniga 600 yuk mashinasiga, jumladan yonilg‘i bilan birga 50 ta yuk mashinasiga ko‘tarildi. Shuningdek, Isroil G‘azo aholisi anklav janubidan shimolga qaytishiga ruxsat berdi.

Kelishuv kafillari – Qatar, Misr va AQSH Qohirada muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil qilgan. Bitimning 16-kunida Isroil va XAMAS ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokarani boshlash majburiyatini oldi. Tomonlar endi qolgan garovdagilarni ozod qilish, doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil sektordan to‘liq chiqib ketishi bo‘yicha majburiyat oladi.

Tinchlik jarayoni kafillari ayni payt jasadlarni almashish, G‘azoni tiklash va qamalni tugatishni nazarda tutuvchi uchinchi bosqich haqida so‘z yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15 oydan ko‘p davom etgan qurolli to‘qnashuv natijasida 47 000 dan ziyod falastinlik (ayrim ma’lumotlarda 60 000 dan ortiq deyilmoqda) va 1 500 ga yaqin isroillik halok bo‘ldi. Mojaro Livan va Yamanga ham tarqaldi, hatto Isroil va Eron o‘rtasida raketa almashinuviga sabab bo‘ldi.

S.Rahimov, O‘zA