Hammasi oddiy sotuvchi yigitning haqoratlanishi va uning o‘z ustiga bir kanistr benzin sepib o‘ziga o‘t qo‘yishidan boshlandi.
«Arab bahori» alangasi 2011 yilning yanvarida avj oldi. Aslida uchqun 2010 yilning 17 dekabr kuni Tunisning Sidi-Bu-Zid shahrida paydo bo‘lgan edi.
Ko‘chada savdo bilan shug‘ullanuvchi 26 yoshli Muhammad Buazizi inspektor bilan tortishib qoldi. Inspektor ayol yigitning ko‘chada sabzavot sotishga ruxsati bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rmoqchi edi. Ammo Buazizi o‘zini ta’qib jabrdiydasi sifatida ko‘rdi. U savdo uchun ruxsat olishga bir necha bor urinib ko‘rgan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan edi. Inspektorga bu narsa ayon edi. Shu sababli u yigitdan pora talab qildi. Ikki o‘rtada dahanaki jang boshlanib ketdi, yordamga yetib kelgan ikki nafar politsiya xodimi yigitni yerga yotqizgan holda kaltaklashadi. Umidsizlikka tushgan va g‘azablangan Buazizi shikoyat qilish uchun shahar hokimiyatiga kirishga urindi. Ammo uni kirishiga izn berilmadi. Shunda yigitning sabr-toqati tugaydi. Paymonasi to‘lgan Muhammad Buazizi bir kanistr benzin sotib oladi-da, uni o‘z ustiga sepib gugurt yoqib yuboradi. O‘tkinchilar olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ammo Buazizining badanni kuyib ketgan edi. U 18 kundan keyin shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida vafot etdi.
Sidi-Bu-Zid shahrida yigitning o‘ziga o‘t qo‘yishi zanjir reaksiyasini keltirib chiqardi. Bir qator davlatlarning rahbarlari aqllarini yig‘ishtirib olishga urindi. Shu bilan birga hodisaga yirik mamlakatlar ham aralasha boshladi. Buning oqibatida jamiyatda norozilik to‘lqinlari kelib chiqdi. Sidi-Bu-Zid shahridagi noroziliklar ayovsiz bostirildi. Bu esa norozilik to‘lqinining kuchayishiga olib keldi.
Bu vaqtda Tunisni 23 yildan beri Zin al-Abidin Ben Ali boshqarib kelayotgan edi. 2011 yil 4 yanvar kuni Ben Ali rafiqasi Leylo Trabelsi bilan Tunisni tark etdi va xususiy samolyotda Saudiya Arabistonga keldi. Hokimiyat isyonkorlar qo‘liga o‘tdi.
Qo‘shni davlatlar Tunisdagi hodisalarni diqqat bilan kuzatib borishdi. Keyinchalik Liviya, Misr, Yaman, Suriya, Baxrayn va Iordaniyada ham odamlar ko‘chalarga chiqishdi.
2011 yil fevralida namoyishchilarning talabi bilan Misr prezidenti Husni Muborak iste’foga ketdi. Liviyada esa Muammar Kaddafi hukmronligiga barham berildi. Suriyada ham noroziliklar boshlandi. Hatto Saudiya Arabistonida ham noroziliklar ko‘zga tashlandi.
Mana shunga ham 10 yil bo‘libdi. O‘tgan davr mobaynidagi ahvol va raqamlar tahlil qilinadigan bo‘lsa, isyon ko‘targan mamlakatlarda nimalar bo‘lib o‘tgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.
«Arab bahori»ning 10 yilligi arafasida Nyu-Yorkdagi Xalqaro munosabatlar Kengashi (CFR) beshta mamlakat (Baxrayn, Misr, Liviya, Suriya, Tunis va Yaman) dagi vaziyatga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Kengash bu mamlakatlardagi nizolar, demokratik taraqqiyot, turmush darajasi, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik, erkin matbuot borasidagi vaziyatni o‘rgandi. Barcha sohada vaziyat abgor ekanligi ayon bo‘ldi. Eng achinarlisi urushlar hamon davom etayotganidir. Qurolli to‘qnashuvlarning to‘xtashiga umid yo‘q.
Suriyada prezident Bashar Asadga qarshi ko‘tarilgan isyon keng qamrovli urushga aylanib ketdi. Suriyadagi urushga oltita mamlakat (Suriya, Rossiya, Eron, Turkiya, AQSH va Isroil) armiyasi jalb qilingan. Bundan tashqari bir qator qurolli guruhlar ham bu urushda ishtirok etmoqda. Suriya urushida 500 mingdan 600 minggacha kishi halok bo‘lgani, salkam 12 million kishi uy-joylarni tashlab ketgani aytiladi. Urushning oxiri ko‘rinmayapti.
Muammar Kaddafi Liviyaga 42 yil hukmronlik qildi. U harbiylar va xavfsizlik kuchlari yordami bilan etnik, diniy nizolarga yo‘l qo‘ymasdi. 2011 yil avgustida Kaddafi taxtdan ag‘darildi va ko‘p o‘tmay o‘ldirildi. Mana shundan keyin o‘zaro raqobatda bo‘lgan guruhlar bosh ko‘tardi. Azaldan mavjud bo‘lgan nizolar fuqarolar urushiga olib keldi. Ayni damda Liviya bir nechta bo‘laklarga bo‘linib ketgan.
Yamandagi Ali Abdulla Salex rejimi yosh namoyishchilarning talabiga bepisand bo‘ldi. Uning xokimiyatda qolish istagi qonli majorolarga va fuqorolar urushiga sabab bo‘ldi.
bugungi kunda Misr va Baxraynda demokratik institutlarning susayib ketgani aytiladi. Birgina Tunisda demokratik o‘zgarishlar kuzatilayotgani tan olinadi.
Tahlilchilarning fikricha, «Arab bahori» yuz bergan barcha mamlakatlarda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik yuqoriligicha qolmoqda. Matbuot erkinligi esa «arab bahori» dan avvalgi darajadan ham yomonligi qayd qilinmoqda. «Arab bahori» o‘z oldiga korrupsiyaga qarshi kurashni bosh maqsad qilib qo‘ygan edi. Ammo statistikaga qaraganda, korrupsiya darajasi isyongacha bo‘lgan davrdagidek qolmoqda.
Demak isyonlar samara bermabdi-da, degan savol paydo bo‘lishi aniq.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikani «portlatgan» «Arab bahori» oqibatida ayrim mamlakatlarda xalq isyoni ruhidan uzoqlashildi va siyosiy kuchlarning hokimiyat uchun kurashi boshlandi. Endi bu mamlakatlar oldida davlatchilikni saqlab qolishdek murakkab vazifalar turibdi.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA