Sport — bu faqat raqobat yoki medallargina emas, balki Vatan sha’nini munosib himoya qilish, yagona maqsad sari birlashgan jamoa ruhining belgilari ham.
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida davom etayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan og‘ir atletikachilarimiz ana shu ruhni yana bir karra namoyish etishdi.

Og‘ir atletikachilarimiz besh kunlik bellashuvlarda 6 ta oltin, 9 ta kumush, 5 ta bronza, jami 20 ta medal jamg‘arib, O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy medallar g‘aznasiga sezilarli hissa qo‘shdi.
Bugun tong saharda terma jamoamiz a’zolari Saudiya Arabistonidan yurtimizga qaytib kelishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar og‘ir atletikachilarimiz sportimiz mutasaddilari, keng sport jamoatchiligi, atletlarimizning oila a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan tantanali tarzda qarshi olindi.

Marosimda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov atletlarimizni tarixiy muvaffaqiyat bilan tabriklab, terma jamoamizning natijalari mamlakatimizda og‘ir atletika sporti izchil rivojlanayotganining yorqin isboti ekanini ta’kidladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA