Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ar-Riyad Islom dunyosini Isroil rejalariga qarshi yagona pozitsiyani egallashga chaqirdi
16:27 / 2020-06-11

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Feysal bin Farxan Al Saud Islom dunyosini Isroilning Iordan daryosining gʻarbiy sohilidagi Falastinga qarashli yerlarni anneksiya qilish rejasiga qarshi yagona pozitsiyani egallashga chaqirdi.


Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Feysal bin Farxan Al Saud Islom dunyosini Isroilning Iordan daryosining gʻarbiy sohilidagi Falastinga qarashli yerlarni anneksiya qilish rejasiga qarshi yagona pozitsiyani egallashga chaqirdi.

Saudiya Arabistoni Islom hamkorligi tashkilotiga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining tezkor uchrashuvini chorshanba kuni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Unda Isroilning Iordan daryosi gʻarbiy sohilidagi Falastin yerlarini 1-iyuldan boshlab anneksiya qilish rejasi muhokama etilgan.

“Biz Islom dunyosidan Isroil rejalariga qarshi yagona pozitsiyani egallashni talab qilamiz va ushbu rejani toʻxtatish uchun barcha choralarni koʻramiz, shu bilan birga, xalqaro jamoatchilikni Isroilni ushbu harakatdan toʻxtatishga majbur qilish uchun yagona va aniq pozitsiyada boʻlishiga chaqiramiz“, dedi Al Saud. Uning maʼruzasi Saudiyaning «Al-Ixbariya” telekanalida uzatildi.

Vazir Falastin muammosi arab dunyosi uchun eng muhim masala ekanini taʼkidladi.

Vazir Isroil Falastinning gʻarbiy sohildagi yerlarini oʻz hududiga qoʻshib olish maqsadini “...tinchlik jarayonini qaytadan boshlash hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka erishish imkoniyatiga tahdid soluvchi xavfli harakat”, deb baholadi.

May oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 1-iyuldan Isroil Iordan daryosining gʻarbiy sohilidagi Falastin yerlarining bir qismi ustidan oʻz suverenitetini oʻrnatishni eʼlon qilgandi. Bunga javoban Falastin prezidenti Isroil va AQSH bilan erishilgan barcha kelishuvni toʻxtatishi haqida maʼlum qilgan.