Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Aquatherm Tashkent 2025”: bu galgi taqdimot islohotlar va innovatsiyalarga bag‘ishlanadi
17:36 / 2025-10-06

Joriy yil 7-9 oktyabr kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasining 1 va 2-pavilonlarida “Isitish, ventilyatsiya, havoni sovitish va isitish, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – “Aquatherm Tashkent 2025" 13-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazma O‘zbekistondagi sohaga oid asosiy ko‘rgazma bo‘lib, u HVAC texnologiyalari, suv ta’minoti, santexnika va boshqa sektorlardagi eng so‘nggi ishlanmalar, yangi mahsulotlar va innovatsiyalarni taqdim etadi.

Loyiha direktori Alla Dzyurichning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasi jadal rivojlanmoqda va zamonaviy muhandislik tizimlarisiz turar-joy hamda ishlab chiqarish ob’ektlarini tasavvur etib bo‘lmaydi.

–“Aquatherm Tashkent 2025” mahalliy va xalqaro mutaxassislar uchun samarali muloqot va tajriba almashish maydoni bo‘ladi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, BAA, Germaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Chexiya, Eron, Qozog‘iston kabi 13 davlatdan 175 kompaniya ishtirok etadi. Ular tomonidan isitish, havoni sovitish va ventilyatsiya, suv ta’minoti, santexnika, filtrlar, nasoslar hamda ekologik yechimlarni qamrab olgan keng ko‘lamli mahsulotlar namoyish etiladi. Rossiyaning Moskva, Kaluga, Ulyanovsk viloyatlari va Perm o‘lkasi kompaniyalari jamoaviy ekspozitsiya bilan qatnashadi. Turkiyaning HVAC va R eksportchilar uyushmasi (ISIB) taqdimoti ham o‘ziga xosdir. Shuningdek, “Warm Air”, “Septic Eco Water”, “Mesmer-East”, “Univent” (O‘zbekiston),”Rotorica”, “Craft” (Rossiya), “AHI Carrier FZC” (BAA), “Herborner Pumpenfabrik” (Germaniya), “Daehan Flexible Duct Hose” (Koreya Respublikasi) kabi qator yangi kompaniyalar ilk bor imkoniyatini havola qiladi. Muhimi, biz “Aquatherm Tashkent 2025” natijasida mahalliy bozorga nafaqat innovatsion, balki barqaror va ekologik yechimlarni ham taklif etamiz. Bu esa qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda katta foyda beradi, – dedi A.Dzyurich.

Ma’lumot o‘rnida, ishtirokchilar uchun “Iteca Connect” ilovasi orqali kompaniyalar haqida qo‘shimcha ma’lumot olish, uchrashuvlarni rejalashtirish va pavilon xaritasi yordamida ko‘rgazmani ko‘zdan kechirish imkoniyati yaratiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA