Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHning yirik oliygohi bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi
16:08 / 2021-05-28

Ta’lim barcha sohaning asosi, eng birinchi qadami, taraqqiyot, yuksalishga erishishning hal qiluvchi kuchidir. Sifatli ta’lim tizimi bilan barcha tarmoq va yo‘nalishlarda rivojlanishga erishish mumkin. Shu bois ta’lim-tarbiya, ilm-fanga e’tibor hamma davrlarda barcha davlatlarda ustuvorlik kasb etgan.

Yurtimizda ham ta’lim tizimini rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Michigan davlat universiteti vakillari uchun brifing o‘tkazdi. Onlayn muloqotda Ta’lim maktabi professori Duglas Xartman, Xalqaro qabul dasturlari direktori Lyuis Kardenas, Ingliz tili markazi tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi va Xalqaro professional dastur direktori Sinyu Vu ishtirok etdi.

“Dunyo” axborot agentligining xabariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, Amerika universitetida mamlakatimiz yoshlarini o‘qitishni tashkil etish, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, shuningdek, ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar jarayoniga amerikalik ekspertlarni jalb etish istiqbollarini muhokama qildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, 1855 yilda Davlat qishloq xo‘jaligi kolleji sifatida tashkil etilgan Michigan davlat universiteti bugungi kunda talabalar soni bo‘yicha AQSHdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha 634 mingdan ortiq bitiruvchiga ega. Universitet AQSH hukumati, Ta’lim, Energetika, Qishloq xo‘jaligi, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek, Milliy ilm-fan jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Brifingda Michigan davlat universiteti ekspertlari respublikamizda kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodga maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yuqori sifatli ta’lim berish borasida qo‘yilayotgan ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishdi. AQSH va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasida bevosita sheriklik aloqalarini o‘rnatish, «El-yurt umidi» jamg‘armasini Amerika Qo‘shma Shtatlarida ta’lim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish uchun jalb etish, shuningdek, bu sohada grant dasturlari uyushtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Brifing ishtirokchilari respublika ta’lim sohasi salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Ularning fikricha, mamlakatimizda xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallarining ochilishiga berilayotgan ustuvorlik strategik yo‘naltirilgan qadam bo‘lib, u o‘z samarsini beradi.

Ta’lim maktabi professori Duglas Xartman mamlakatimizda xorijiy universitetlarning 21 ta kampusi ochilganini katta yutuq, deb atadi. Uning ta’kidlashicha, 2 mingga yaqin talaba o‘qiyotgan Toshkentdagi Vebster universiteti filiali faoliyat boshlagani O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat bermoqda. Ingliz tili markazining tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi xorijiy tillarni o‘qitish sohasida O‘zbekistonning tegishli muassasalari bilan bevosita muloqot o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda oliy ta’lim sohasida o‘qituvchilar tayyorlash, turli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yangi o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, o‘qituvchi va talabalarning almashinuv va o‘quv dasturlaridagi ishtirokini ta’minlash, amerikalik professional o‘qituvchilarni O‘zbekistonda leksiyalar o‘qishga taklif qilish kabi dolzarb sohalarda muzokaralarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bu kabi hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz milliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy, yetuk kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA