Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHning Venesuelaga qarshi harbiy amaliyoti va Maduro qo‘lga olingani haqidagi xabarlar
17:50 / 2026-01-03

AQSH Venesuelaga qarshi yirik harbiy operatsiya o‘tkazgani va prezident Nikolas Maduro hamda uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shanbaga o‘tar kechasi AQSH qurolli kuchlari Venesuela poytaxti Karakasga havo hujumlari uyushtirgan. Shaharda bir necha portlashlar sodir bo‘lgan, harbiy samolyotlar va vertolyotlar harakatlangan. Ayrim hududlar elektr ta’minotidan uzilgan.

Venesuela hokimiyati bu harakatlarni AQSH tomonidan qilingan harbiy tajovuz deb baholab, mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH harbiylari Karakasdagi bir qator harbiy ob’ektlarga, jumladan La-Karlota aerodromi va Fuerte-Tiuna harbiy bazasiga zarbalar bergan. Hujumlar mamlakatning boshqa hududlarida - Miranda, Aragua va La-Guayra shtatlarida ham qayd etilgani aytilmoqda.

Venesuela rasmiylari AQSHni fuqarolik va harbiy ob’ektlarga hujum qilganlikda aybladi. Ularga ko‘ra, bu amaliyotning asosiy maqsadi mamlakatdagi hukumatni almashtirish va Venesuelaning katta neft hamda tabiiy resurslariga egalik qilishdir.

Nikolas Maduro avvalroq AQSH bir necha oydan beri Venesuelaga siyosiy va harbiy bosim o‘tkazib kelayotganini, bu jarayon Karib dengizida AQSH harbiy kuchlarining joylashtirilishi bilan boshlanganini aytgan edi.

Venesuela hukumati o‘z bayonotida AQSH harakatlarini qat’iy qoralab, mamlakatning ijtimoiy va siyosiy kuchlarini safarbarlikka chaqirdi. Tomonlardan qo‘shimcha bayonotlar va aniq tafsilotlar kutilayotgani bildirilmoqda.

Kenja Bekjonov, O‘zA