Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHning uzoq muddatli sanksiyasi Kuba iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda
13:50 / 2020-10-29

Amerika Ozodlik orolini nega jazolayapti?


Amerika Ozodlik orolini nega jazolayapti?

60 yil muqaddam, 1960-yilning oktyabrida AQSH Kuba blokadasini boshlab, Kastro rejimiga qarshi keskin sanksiyalarini kiritdi. Jahon tarixidagi bu eng uzoq embargo Kuba iqtisodiyotiga va Ozodlik oroli aholisiga kuchli zarba bermoqda, ayniqsa, Sovet Ittifoqi barham topganidan keyin, u bilan birgalikda inqilobchi Kubaga qardoshlik yordami ham ado boʻldi. Bugun mahalliy sanoat tushkunlikda, mamlakatda eng zaruriy mahsulotlar, shu jumladan, dori-darmon va tibbiy jihozlar taqchil. Biroq amerikaliklar ham bu kabi istiqbolli bozorda sanksiyalar tufayli biznesini rivojlantira olmagani sababidan milliardlab ziyon koʻrmoqda. Kubani bosh raqib Xitoy oʻzlashtirayotgani bois buni Vashingtondan kuzatish ham alamli. Tarixda eng uzoq iqtisodiy blokada nega boshlagangani va Kuba inqilobi lideri vafotidan keyin ham uning nega toʻxtatilmayotgani sababi albatta koʻpchilikka qiziq.

Qitʼa va orol

Qachonlardir ispanlar koloniyasi ostida boʻlgan Karib dengizidagi jannat oroli har doim Amerika qiziqishlari doirasida boʻlib kelgan. 1820-yilda mamlakatning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson Kuba “shtatlar tizimida qiziqarli qoʻshimcha” boʻlishi mumkinligini yozgan edi. Asr oʻrtalarida hatto yangi tugʻilgan davlat Ispaniyadan koloniyasini sotib olishga uringan, ammo bitim barbod boʻladi.

Kubaning oʻzi mustamlaka sifatida davom etishni istamaganligi aniq, aynan ozodlikka intilish ruhi shimoliy qoʻshnilariga qaramlikni keltirib chiqardi. Mustaqillik uchun urush qashshoqlikka olib keldi, amerikalik sarmoyadorlar bu fursatdan quvonch bilan foydalanishdi, Kuba hududlarini arzimagan chaqaga sotib olishga kirishishdi. XIX asr oxirida Kuba eksport tovarlarining beshdan toʻrt qismi aynan AQSHGa joʻnatilardi.

1898-yili mamlakatda navbatdagi ozodlik kurashi avj oldi, amerikaliklar aralashmasliklari imkonsiz edi: endi bu ularning pul manfaatlarigagina emas, balki orolda yashab ishlayotgan koʻplab AQSH fuqarolari hayotiga tahdid solardi. Amerika aralashuvi Ispaniya bilanurushda hal qiluvchi rol oʻynadi: Kuba mustaqillik oldi, biroq atigi rasmiy, amalda Ispan nazoratidan jahon hukmronligiga intilayotgan qoʻshni nazorati ostiga oʻtdi. Shundan keyin AQSH yildan-yilga oʻz pozitsiyasini mustahamlab bordi. 1926-yilga kelib ular Kuba shakar sanoatining 60 foiziga egalik qilishdi va mahsulotining 95 foizini import qilishdi. Ushbu sanoatning muhimligini inobatga olib, yarim mustamlaka davlatni “Amerika shakari” deb atay boshlashdi. Qoʻshma Shtatlar har bir navbatdagi moyil hukumatni qoʻllab-quvvatlashgan va davlat toʻntarishlarida har safar gʻolib tomonida boʻlishardi. Hammadan koʻra Fulxensio Batista Vashingtonga yaqin va sadoqatli boʻlib chiqdi. Uning boshqaruvi yillarida Kuba boyvachcha amerikaliklar uchun turistik vohaga aylandi: AQSHlik maxfiy toʻdalar Gavanadagi koʻpsonli kazino va fohishaxonalarni nazorat qilishar, korrupsiya gullab-yashnardi. Mamlakat iqtisodiyotining yarmi, koʻplab muhim tarmoqlarda toʻlaligicha Amerika ishtirokiga qaram boʻlib qolgani haqiqat. Bunday sharoitlar XX asrda bir necha marta qator mamlakatlarda sotsialistik isyonni keltirib chiqardi. Kubada ham shu holat roʻy berdi.

Qonli qizil yoʻlaklar

1950-yillar oxiriga kelib taniqli inqilobchilar — Ernesto Che Gevara va Fidel Kastro — Batista rejmiga qarshi ayovsiz kurashni alangalatdilar. 1958-yili, inqilobchilarga qarshi urush eng faol bosqichga kirgan paytda AQSH oʻz sherigiga pand berdi: xalqaro kelishuvlarga koʻra, ular agressiv harbiy harakatlarga qurol-yarogʻ yetkazib bera olishmadi. Bu isyonchilarga qoʻl keldi, kelasi yili Batista mamlakatdan qochdi, Fidel Kastro orol davlatning rahbariga aylandi.

Amerikaliklar yangi hokimiyat ularga doʻst boʻlmasligini yaxshi tushunib yetdi. Ular ochiqchasiga bolsheviklarga xavas qilib islohotlarda ulardan oʻrnak olishdi: boshqaruvning birinchi yilida xususiy yer egaligidan voz kechib, amerika korxonalarini ham hech qanday tovonsiz davlat ixtiyoriga qaytarishdi. AQSH koʻpmillionli ziyonga iqtisodiy javob choralari bilan munosabat bildirdi: shakar sotib olishni keskin qisqartirib, Kubaga yoqilgʻi sotishdan bosh tortdi. Uning ortidan boshqa jazo choralari ham oʻzini koʻp kuttirmadi. Qoʻshma Shtatlar orolning yangi hokimiyati bilan hamkorlik qiladigan har qanday davlatni yordamdan mahrum qilishga qaror qildi, shuningdek, Kubaga urush maqsadida foydalanish mumkin boʻlgan har qanday mahsulotni sotishga taʼqiq qoʻydi. Sotsialistik hukumatning yangi sherikni qidirishiga toʻgʻri keldi. Bu shubhasiz SSSR edi. Sovet Ittifoqi shakar sotib olishga va gʻoyaviy maslakdoshiga neft sotishga rozilik berdi. “Sinfiy dushmanlar” ga qarshi keng miqyosli qatagʻonlar mustabid sovetlarni havotirga solmasdi. Oʻz chegaralarida bunday qoʻshni bilan doʻst tutinish Vashington manfaatlariga zidligi ayon. Shuning uchun 1960-yilda prezident Duayt Eyzenxauer oʻz farmoni bilan Kubaga tovarlarga eksportiga toʻliq embargo joriy etdi, faqat oziq-ovqat va dori-darmon olib kirishga ruxsat berildi.

Bosqinning barbod boʻlishi

Iqtisodiy bosim bilan bir vaqtning oʻzida kuch ishlatish chorasi ham tayyorlandi: inqilob gʻalaba qozonishi bilan Markaziy Razvedka Boshqarmasi dushmanona rejimdan qanday qutulish yoʻllarini oʻylay boshladi. Aholining totalitarizmdan noroziligiga, Kastroni hokimiyati liqqillashi bilanoq agʻdarib tashlash mumkinligiga umid bogʻlandi. Mazkur nuqtayi nazar uchun asos bor edi: Kuba hududida oʻshanda yangi yetakchiga qarshi partizanlik guruhlari harakat qilar, AQSHda qolayotgan muhojirlar orolga qaytish imkoniyatini kutib oʻch olish qasosida yonardi. 1961-yil boshlarida Amerika armiyasi Kuba hududiga bir yarim ming kubalikdan iborat desant tashlashga tayyorlanar, Kastroning dushmanlari bir vaqtning oʻzida yirik shaharlarda qoʻporuvchilik va sabotaj boshlashga tayyor turardi. Nazorat oʻrnatgach, ular Amerika intervensiyasini talab qilishlari muqarrar boʻlib, MRB ham AQSH shu qarorga rozilik berishini vaʼda qildi. Ammo inqilobiy hokimiyat oldinroq hujumga oʻtdi. Ular “beshinchi kolonna” liderlarini qamoqqa olishdi, keyinroq Amerika aviatsiyasi zarba berishi mumkinligi nuqtayi nazaridan aerodromlardagi samolyotlarni soxtasi bilan almashtirdi. Kuba armiyasining ilgʻor kuchlari Playya-Xiron plyajida desant ortyadni tor-mor qildi, uning katta qismi asirga olindi, janglar chogʻida 12 ta amerika samolyoti urib tushirildi. Ammo AQSH armiyasi toʻla kuch bilan aralashmadi. Ular operatsiyada oʻz ishtirokini yashira olmadi. Jahon hamjamiyati shu zahoti yuz bergan hodisadan xabar topib, aralashuvni qoraladi. Prezident Kennedi MRBning harakatidan gʻazabga tushdi. Lekin Kubaning yangi hukumati mamnun boʻldi. Bosqin urinishigacha inqilob zaif edi, endi u har qachongidan kuchaydi.

Apokaliptik doʻstlik

Bularning bari dushmanlikni kuchaytirmaslik imkonini qoldirmadi. Amerika tomoni sanksiyalarni kuchaytirishni davom ettirdi: Kuba materiallari ishlatiladigan har qanday mahsulotlarning importi taʼqiqlandi. 1962-yil boshida AQSH shuningdek, Kubani Amerika davlatlari tashkilotidan chiqarishga erishdi. Lekin ayni paytda Qoʻshma Shtatlarning oʻzi orolga bosqin uyushtirib tashkilot ustavini qoʻpol buzgani muhokama qilinmadi. Ana shu ziddiyatlar soyasida Kuba muqarrar ravishda Sovet Ittifoqi bilan yaqinlashdi. Mamlakatga sovet harbiy mutaxassislari kelishardi, Fidel Kastroning ukasi Raul Moskvaga borib, Nikita Xrushchev bilan uchrashdi, qurol-yarogʻ va texnika qoʻllovini olish yuzasidan kelishuvga erishdi. Koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, bunday siyosat uchun Fidelni MRB bir necha mahv etishga urindi, ammo urinishlarning birortasi amalga oshmadi. Koʻp oʻtmay ushbu doʻstlik dunyoni yadro urushi yoqasiga keltirdi. Turkiyada yadro kallaklarining Moskvagacha eltishga qodir Amerika raketalari paydo boʻlgach, SSSR javob qadamini tashladi: Kubada sovet raketa qismlari joylashtirildi.

1962-yilda orol davlatga qarshi toʻla qamrovli intervensiyani tayyorlagan AQSH harbiy dengiz kuchlari Kuba blokadasini tashkil etdi, jangovor raketalar bilan qurollangan sovet kemalarini qoʻymaslikka urindi. Keskinlikning tinch yoʻllar bilan yechilishiga ishonmagan Kastro SSSR rahbariyatini bosqinni kutib oʻtirmay, Amerika hududiga ogohlantiruvchi zarba berishga chaqirdi. Bu atom urushini keltirib chiqarishi muqarrar edi. Ammo Xrushchyov Kennedi bilan kelishuvga erisha oldi: AQSH Kubaga hujum qilmaslik kafolatini berdi, Turkiya va Italiyadan raketalarini olib chiqishga vaʼda berdi, oʻz navbatida sovet raketalari Kubani tark etdi. Amerika harbiy kemalari orol davlat sohillaridan Karib inqirozidan keyin ortga ketishdi. Harbiy-dengiz qamal yakun topdi, iqtisodiy sanksiyalar esa qoldi, aksincha keskinlashdi.

Tashqi dushman shunchaki obraz emas. Embargo haqiqatda orol iqtisodiyotiga ulkan zahmat yetkazdi. SSSR qulaganidan keyin Kuba oʻz savdo aloqalarining 85 foizidan mahrum boʻldi, demakki, embargo oqibatini his etdi. Garchi mamlakat Venesuela va Lotin Amerikasining boshqa qator mamlakatlaridan koʻra farovonroq yashasada, uchinchi dunyo mamlakati boʻlib qolmoqda. 1960-yildan 2010-yilgacha Kubaning AQSH sanksiyasidan koʻrgan zarari 104 milliard dollarga teng. Ushbu qarama-qarshilikdan Amerika iqtisodiyoti ham koʻp narsa yoʻqotdi: yillik oʻrtacha yoʻqotish 1,2 milliard dollar deb baholanadi. Gap faqat pulda emas. 2010-yildagi tadqiqotga koʻra, sanksiyalar sogʻliqni saqlash tizimiga bevosita taʼsir koʻrsatib, bir necha jiddiy epidemiyalarga, jumladan, sil kasalliklarining keng tarqalishiga olib keldi.

Xullas, 60 yillik blokada chogʻida jazo choralari bir necha kuchaytirildi. Kubani hatto qator mamlakatlardagi qizil isyonchilarni qoʻllab-quvvatlagani uchun xalqaro terrorchilikning homiylari roʻyxatiga ham kiritishdi. 1997-yilda demokrat prezident Bill Klinton sanksiyalarni biroz yumshatdi, ammo besh yil oʻtib Jorj Bush choralarni avvalgidan koʻra kuchaytirdi, AQSH sayyohlariga Kubaga tashrif buyurishni taʼqiqladi, ikki mamlakat oʻrtasida pul koʻchirish murakkablashdi.

Yarashuv urinishlari

Kuba rasmiylari ancha yillardan beri sanksiyalarni genotsid sifatida taʼriflab keladi. Yumshoqroq koʻrinishda ular fikriga butun dunyo qoʻshiladi. 2019-yili qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan BMTning 193 aʼzo mamlakatidan 187 tasi AQSHni sanksiyadan voz kechishga chaqirdi. Rezolyutsiya uchun 28 marotaba ovoz berildi. Amerika davlati Kubani inson huquqlarini buzishda ayblab chaqiriqlarni rad etib keladi, ammo AQSHning neftga boy Yaqin Sharq hukmdorlari bilan aloqalariga bu omil negadir xalal bermaydi. Soʻrovlarga koʻra, amerikaliklarning 56 foizi Kuba bilan munosabatlarni barqarorlashtirish tarafdori.

Nobel mukofoti sovrindori Barak Obama kommunistik qoʻshni bilan jiddiy yarashishga uringan birinchi amerikalik prezident boʻldi. Bunga hokimiyat almashinuvi, akasidan keyin prezidentlik lavozimini Raul Kastroning egallashi, mamlakatda kichik va oʻrta biznesga ruxsat berishi va bir qator cheklovlarni olib tashlagani sabab boʻldi. 2013-yildan 2014-yilgacha ikkila davlat rahbarlari Rim papasi Fransisk ishtirokida mahfiy muzokaralar oʻtkazishdi. Natijada Obama 1928-yildan beri orolda boʻlgan AQSHning birinchi prezidentiga aylandi. Kuba hukumati boshqa mamlakatlardagi qizil terrorchilarga yordam bermayotgani, oʻzida amerika geosiyosiy dushmanlarining kallaklarini joylashtirish niyatida emasligini hisobga olib, 44-prezident cheklovlarning bir qismini bekor qildi, Kubani terrorizm homiylari safidan chiqardi, sayyohlik va pul oʻtkazmalariga oid cheklovlarni yumshatdi. Vashingtonda yana Kuba elchixonasi paydo boʻldi, Gavanada AQSH elchixonasi; Amerika hukumati munosabatlarni normallashtirish sari yoʻl oldi.

Ammo koʻp oʻtmay muzliklar tiklandi. Obamadan keyin hokimiyatga kelgan respublikachi prezident Donald Tramp sanksiya va embargolarni tikladi. Bu AQSH manfaatlariga javob berishi taʼkidlandi. Xitoyning savdo hajmi boʻyicha Kubaning asosiy sheriklaridan biriga aylanishi jazo choralarining tiklanishiga olib kelgan boʻlishi ehtimoli yuqori. BMTning Kubaga oid AQSH siyosatini qoralashi, qoʻshni davlatdagi epidemiya va iqtisodiy boʻhronlarga qaramay, hech narsa Vashingtonni oʻz pozitsiyasidan chekinishga majbur qila olmayapti.