Qo‘shma Shtatlar Senati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini AQSH prezidenti Donald Tramp va RF yetakchisi Vladimir Putinning Budapeshtdagi uchrashuvidan oldin muhokama qilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” axborot agentligi yozib chiqdi.
Nashr respublikachilar rahbari Jon Tunning so‘zlariga tayanib, hozircha Senat vaqtincha tanaffusga chiqayotganini ma’lum qildi.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyaning energetik mahsulotlarini xarid qiladigan va Ukrainaga faol yordam ko‘rsatmayotgan mamlakatlarga nisbatan AQSH o‘zining import bojlarini 500% gacha oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu cheklovlar Xitoy va Hindiston kabi davlatlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.
O‘tgan hafta Jon Tun Senat ushbu qonun loyihasini 30 kun ichida ovozga qo‘yishni rejalashtirayotganini ta’kidlagandi. Hujjatni 100 senatordan kamida 85 nafari qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, ammo u bir necha oydan beri ko‘rib chiqish jarayonida to‘xtab qolgan.
– Rossiyaga qarshi sanksiyalar borasida muhokamalar to‘xtagani yo‘q, chunki ushbu o‘lka Ukrainaga qarshi hujumlarini Alyaskadagi prezidentlar sammitidan keyin ham davom ettirmoqda, - degan AQSH moliya vaziri Skott Bessent.
Tramp ham bir necha bor Rossiya tinchlikka rozi bo‘lmasa, unga qarshi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilganedi. Shu bilan birga, u Yevropa yetakchilarini Rossiya neftini sotib olib, Ukrainadagi ziddiyatni “moliyalashtirayotganlikda” ayblagan edi.
Xullas, RF qarshi sanksiyalar masalasi va yondashuvlar AQSH va Rossiya yetakchilarining Budapeshtdagi uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6XxAxeaDtRw" title="AQSHning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari kechiktirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA