Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHning ayollar masalalari boʻyicha elchisi bilan uchrashuv
12:39 / 2020-04-16

Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi Favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov AQSH davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamentining ayollar global muammolari idorasi rahbari, alohida topshiriqlar boʻyicha elchi Kelli Kyurri bilan uchrashdi.


Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi Favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov AQSH davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamentining ayollar global muammolari idorasi rahbari, alohida topshiriqlar boʻyicha elchi Kelli Kyurri bilan uchrashdi.

Davlat departamentining K.Kyurri rahbarligidagi boʻlinmasi amaldagi maʼmuriyatning jahonda ayollar huquq va manfaatlarini taʼminlash sohasidagi barcha loyiha va tashabbuslarini ijro etuvchi bosh organ hisoblanadi. Tuzilma AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp idoralari va Amerika prezidenti maslahatchisi Ivanka Tramp bilan birgalikda xorijda gender mavzusini faol ilgari suradi.

Vashingtonda boʻlib oʻtgan muloqot davomida amerika tomoniga mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ayollarning jamiyatdagi, shuningdek davlat boshqaruvining barcha tarmoqlarida qarorlar qabul qilish jarayonidagi oʻrni va rolini sifat darajasidan yana-da mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi. Respublikamiz ayollari orasida 30 nafar Parlament aʼzolari, jumladan bunday yuqori lavozimga mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor tayinlangan Senat raisi, shuningdek 10 nafar munitsipal maʼmuriyat rahbarlari borligi qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayollar salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, diskriminatsiyaning har qanday koʻrinishlari daf etilayotgani, xotin-qizlarning sifatli taʼlim olishlariga alohida eʼtibor berilayotgani, ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish uchun zarur choralar koʻrilayotgani taʼkidlandi.

Termiz shahridagi afgʻonistonlik yoshlar, jumladan xotin-qizlar Afgʻoniston Islom Respublikasi iqtisodiyotini koʻtarish uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitilayotgan Taʼlim markazi faoliyatiga urgʻu berildi.

Oʻz navbatida, Elchi Kelli Kyurri Oʻzbekiston hukumatining gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga keng jalb etishni ragʻbatlantirish, Afgʻoniston ayollarini Oʻzbekistonda oʻqitish dasturini ilgari surish sohasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Amerika tomoni mamlakatimizning nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida jamiyatda ayollar faolligini oshirishning haqiqiy drayveriga aylangan qatʼiy qadamlarini diqqat bilan kuzatib borayotgani taʼkidlandi.

Davlat departamenti vakilining fikricha, Oʻzbekiston hukumati tomonidan nafaqat erkaklar, balki, asosan, aholining ehtiyojmand qatlamiga mansub boʻlgan ayollar ham jabrlanib kelgan majburiy mehnat unsurlarini bartaraf etish borasida katta oʻsishga erishilgani alohida eʼtirofga sazovor.

AQSHdagi diplomatik missiyamiz vakillarining aytishicha, mamlakatimiz Senatida gender tengligini taʼminlash masalalari bilan shugʻullanuvchi alohida Komissiya tuzilgani, Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlash toʻgʻrisida Qonun qabul qilingani va boshqa tashabbuslar Amerika tomonidan mamlakatimizdagi ijobiy oʻzgarishlar va islohotlar ortga qaytmas xususiyatga egaligi, respublikamiz siyosiy rahbariyatining mutlaqo yangicha koʻrinishdagi “Yangi Oʻzbekiston”ni yana-da kuchaytirish maqsadida tanlangan yoʻlda qatʼiyligi ifodasi sifatida baholanmoqda.

Muloqot chogʻida, shuningdek Oʻzbekistonning 2019-yil fevral oyida prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan AQSHning Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi (Womenʻs Global Development and Prosperity Initiative)ga qoʻshilishi istiqbollari ham muhokama qilindi. Mazkur tashabbus rivojlanayotgan davlatlarda xotin-qizlar uchun ishga joylashish, jumladan taʼlim olish, ularni kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha teng imkoniyatlar, ishbilarmonlikni qoʻllab-quvvatlash, ayollarni iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etishdagi toʻsiqlarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan qonunchilik va institutsional mexanizmlar yaratish loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun USAID huzurida 50 million dollar qiymatga ega maxsus fond tuzish va jamgʻarma moliyaviy imkoniyatlarini, jumladan Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi hamda Amerikaning yirik biznes tuzilmalari mablagʻlari hisobidan kengaytirib borish rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida jahonda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat izga tushishi bilan ikki mamlakat delegatsiyalarining gender tengligini taʼminlashga doir dolzarb masalalar boʻyicha muloqotlarini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash maqsadidagi oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.