Toshkent davlat transport universitetida AQSHning “Amazon” kompaniyasi moliyaviy tahlilchisi, yurtdoshimiz Elyorjon Shonazarov bilan onlayn seminar o‘tkazildi.
E.Shonazarov bir oy davomida universitetning iqtisodiyot kafedrasi professor-o‘qituvchilari ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida tinglovchi, ham o‘qituvchi sifatida ishtirok etgan edi. Mazkur tadbir amerikalik moliyaviy tahlilchining transport iqtisodiyoti ta’limidan olgan taassurotlari yuzasidan o‘zaro fikr almashish hamda yurtdoshimiz tajribasi bilan universitet yoshlarini tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Seminarda transport xizmatlarini boshqarish hamda monitoring qilishning iqtisodiy modellari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi. Logistika jarayoni bilan tanishish, masofaviy xizmat va tovarlarni yetkazish, bozor kon’yukturasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ishlashda qo‘llaniladigan zamonaviy yondashuvlar va olingan natijalarni tahlil qilishga doir dunyoning ilg‘or tajribasi haqida ma’lumot berildi.
– Xorijdagi yosh yurtdoshlarimiz salohiyatidan samarali foydalanish tarafdorimiz, – deydi universitetning iqtisodiyot kafedrasi mudiri Saodat Yuldasheva. – Talabalarning ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyati emas, balki egallagan bilimlarini real vaziyatda qo‘llay olish, mantiqiy va ijodiy fikrlash qobiliyati baholanadi. Ayni shu nuqtai nazardan ham iqtisodiyot ta’limi sohasiga malakali mutaxassislarni muntazam jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA