AQSHlik mutaxassis Oʻzbekiston tashqi imidjida nimalarga eʼtibor qaratishi kerakligi haqida fikr bildirdi
AQSHlik mutaxassis Oʻzbekiston tashqi imidjida nimalarga eʼtibor qaratishi kerakligi haqida fikr bildirdi
OʻzA muxbiri AQSHdan xabar qiladi
AQSHning HOUPLA kreativ mediya markazida oʻtkazilgan taqdimotda Oʻzbekistonning tashqi imidji masalasi va sotsial tarmoqlarda targʻibot imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
— Men Oʻzbekistonda 7 marotaba boʻlganman va sizning mamlakatingizni juda yaxshi koʻraman, — deydi markaz rahbari Bruk Makdonald. – Oʻzbek OAVlari faoliyati bilan yaqindan tanishman va bugungi islohotlardan juda xursandman.
Soʻnggi bor bundan besh yilcha avval borgandim va xususiy telekanallar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha loyihada ishtirok etgandim. Toʻgʻrisi oʻsha vaqtda oddiy favqulodda holatni yozishga ham ikkilanib turishardi. Oʻshanda yosh jurnalistlarga gaz baloni portlagan honadondan reportaj tayyorlash kerak, deb aytganimda menga “bu mumkinmas”, deb aytishgan. Ular press relizni qolipidan chiqmay yozishga oʻrganishgandi.
Yana bir hodisa esimdan chiqmaydi. Jurnalistikani kelajagiga taaluqli bir anjumanda kirsam hamma ishtirokchilar 50 yoshdan oshgan kishilar edi. Men ulardan nega ular orasida yoshlar yoʻqligini soʻradim, axir jurnalistika kelajagi yoshlar qoʻlida-ku, siz bu masalani hal etolmaysiz, chunki dunyoga yoshlar koʻzi bilan qaramaysiz, dedim bu savolim javobsiz qoldi. Lekin shundan keyin meni boshqa tadbirlarga chaqirishmadi.
Bugun Oʻzbekistonning tashqi imidjini shakllantirishda yaxshi qadamlar qoʻyilmoqda.
Men mamlakatingizni juda chiroyli, deb hisoblayman shu sababli ham koʻproq targʻib etilishini xohlardim. Oʻzbekistonning eng koʻp jalb etadigan omillaridan biri bu uning ochiq yuzli, hokisor insonlaridir. Menimcha oddiy odamlar hayoti bilan tanishtirishga koʻproq urgʻu berish kerak. Ilgari Kitobda boʻlgan festivalda jaydari kishilar bilan otda sayr qilganman. Bu unutilmas xotira men uchun. Oddiy insonlar hayoti aks etgan videoroliklarni AQSHning yetakchi kanallarida ham koʻrishni istardim. Bu mintaqa haqida koʻproq bilishlari kerak.
Vashington.