O‘tgan dam olish kuni “O‘rgimchak-odam” kinokartinasining davomi kassa yig‘imi bo‘yicha eng omadli beshta filmning biriga aylandi. U birinchi dam olish kunining o‘zida chorak milliard dollar foyda keltirgan, deb yozmoqda Hollywood Reporter.
"Dushanba kuni yakuniy raqam 260 million dollar bo‘ldi. Bu kino tarixidagi ikkinchi rekord natija", – deb xabar tarqatdi ushbu nashr.
Portalning bergan ma’lumotiga ko‘ra, yangi filmning dunyo bo‘yicha boshlangan prokati birinchi dam olish kunida 600,8 million dollar to‘plagan. Bu dunyo kino tarixida qayd etilgan uchinchi natija bo‘ldi.
Nashrning keltirishicha, yangi "O‘rgimchak odam" AQSHda pandemiya davrida birinchi dam olish kunida kassa yig‘imi 100 million dollardan oshgan ilk film hisoblanadi.
Umuman olganda, birinchi dam olish kuni kassa yig‘imi bo‘yicha yetakchilikni "Qasoskorlar" kinoepopeyasining so‘nggi qismi egallab turibdi. Ushbu kinokartina birinchi dam olish kuni 357 million dollar to‘plagan. "O‘rgimchak-odam" va "Qasoskorlar: urush hech qachon tugamaydi" filmlari ikkinchi o‘rinni o‘zaro baham ko‘rib turibdi.