Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHda xalqaro shajara konferensiyasi tashkil etildi
15:20 / 2026-03-05

Shu kunlarda “O‘zarxiv” agentligi vakillari AQSHning Solt-Leyk-Siti shahrida bo‘lib o‘tayotgan "RootsTech 2026" xalqaro shajara konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Mazkur konferensiya genealogiya, oilaviy tarixni o‘rganish hamda arxiv hujjatlarini raqamlashtirish sohasidagi dunyodagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi.

Konferensiya xalqaro genealogiya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda turli mamlakatlardan arxiv sohasi mutaxassislari, ilmiy muassasalar vakillari, genealoglar hamda axborot texnologiyalari sohasidagi ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, genealogik ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish, tarixiy hujjatlarni indeksatsiya qilish, arxiv sohasida sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash masalalari muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, ishtirokchilar tarixiy hujjatlarni saqlash, ularning raqamli shaklda keng jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash hamda arxiv sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishmoqda.  

“O‘zarxiv” agentligi vakillarining ushbu xalqaro konferensiyada ishtirok etishi arxiv ishini rivojlantirish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA