AQSHning Vashington shahrida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Strategik hamkorlik muloqotining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov AQSHning “Insoniylik mezonlari” masalalariga bag‘ishlangan to‘rtinchi sessiyasiga rahbarlik qildi.
Unda O‘zbekistonda demokratik institutlarni mustahkamlash va ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar, so‘z erkinligini himoya qilish va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, diniy erkinlik sohasidagi hamkorlik haqida so‘z yuritildi.
Mehnat huquqlari va odam savdosiga qarshi kurashish, gender tenglikni ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik, jazoni ijro etish maskanlaridagi sharoitlar masalalari muhokama qilindi.
Amerika tomoni O‘zbekistonda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishida hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda ulkan yutuqlarga erishildi. Ushbu yo‘nalishlarda yanada samarali hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston vakillari tomonidan tadbir kun tartibi mavzulari doirasida kelgusidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va davom ettirish maqsadida aniq va konstruktiv takliflar ilgari surildi.
Adliya vaziri O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida bir qator qo‘shma tadbirlarda, hususan AQSH davlat kotibi E.Blinken, AQSH Kongressi a’zolari va hukumati vakillari, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbarlari bilan uchrashuvlarda ham ishtirok etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA