Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHda noroziliklar oqimi tingani yoʻq
12:28 / 2020-06-14

Atlanta politsiyasi namoyishni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi


Atlanta politsiyasi namoyishni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi

Atlanta shahri huquqni muhofaza qiluvchi tizim xodimlari qora tanli fuqaro Reyshard Bruksning oʻlimiga qarshi uyushtirilgan namoyish ishtirokchilarini tarqatish chogʻida koʻzdan yosh oqizuvchi gazni ishga solishdi. Bu haqda “CNN” telekanali xabar tarqatgan. Yodingizda boʻlsa, 27 yoshli Bruks politsiyachi uzgan oʻqdan yaralanib, vafot etgan edi.

Politsiya xabariga koʻra, kuch ishlatar tizim xizmatchilari juma kuni kechqurun shikoyat mazmunidagi chaqiriqqa javoban, hodisa joyiga yetib kelishgan. Maʼlum boʻlishicha, ichida sohibi uxlab yotgan bir mashina kichik tamaddixonaga kiradigan yoʻlni yopib qoʻygan. Politsiyachilar Bruksning mastligini bilib, uni tutishga urinishgan. Reyshard esa oʻz navbatida tartibni saqlash xodimlaridan birining elektroshok qurolini tortib olib, qochishga harakat qilgan. Shunda bir politsiyachi unga qarata oʻq uzgan. Bruks shifoxonada operatsiyadan keyin vafot etdi. Ushbu voqea tufayli shahar politsiyasi boshligʻi Erika Shilds isteʼfo berdi. Atlanta meri Keysha Lens Bottoms esa oʻq otgan politsiyachini ishdan boʻshatishga chaqirdi.

“CNN” xabariga qaraganda, norozilik aksiyasi qatnashchilari avtomobillarni yoqib yuborgan, politsiyachi Bruksga oʻq uzgan joyda, tez ovqatlanish nuqtalari, kafelar yonida olov yoqishgan, binolar derazalarini sindirib, yoʻllarni berkitib qoʻyishgan.

Olomonni tarqatish uchun politsiya koʻzni yoshlatuvchi gazdan, taxminlarga koʻra, yorugʻliq-shovqin hosil qiladigan oʻq-dori vositalaridan ham foydalangan. Mahalliy “WSB” telekanali, hatto, tutun tarqatuvchi shashkalar qoʻllanganini ham taʼkidlagan.

Namoyishchilar quldorning haykalini qoʻporib, daryoga uloqtirishdi

AQSHning boshqa bir shahri - Yangi Orleanda ham irqchilik va politsiya zoʻravonligiga qarshi namoyishlar davom etyapti. Norozi olomon kuni kecha mamlakat tarixida oʻziga xos iz qoldirgan quldorlar vakili Jon Makdononing haykalini buzib olib, Missisipi daryosiga tashlab yubordi. Bu haqda “Fox News” telekanalining mahalliy boʻlinmasi axborot tarqatdi.

Protest qatnashchilari avvaliga haykalni joyidan qoʻporib olishdi, soʻngra koʻchalar boʻylab koʻtarib oʻtishdi. Shundan keyin haykal boʻlaklarini ikkita yuk avtomobiliga ortib, daryo yoqasiga eltishdi. Qayd etilishcha, mashina haydovchilari qoʻlga olingan.

Yangi Orlean shahri meri Latoya Kantrell namoyishchilar harakatini qoraladi va noqonuniy deb eʼlon qildi.

“Yangi Orlean shahri vandalizmga, shahar mulkini yoʻq qilishga qarshi. Bu qonunga xilof”, — deb yozgan u ijtimoiy tarmoq orqali.

Maʼlumki, Minneapolisda politsiyachining qoʻlida halok boʻlgan, kelib chiqishi afro-amerikalik boʻlgan Jorj Floydning fojiali oʻlimidan soʻng mamlakatning turli shtatlarida hukumat qarori yoki shunchaki olomonning tashabbusi bilan koʻplab haykallar, yodgorliklar qoʻporib tashlandi. Jumladan, AQSHdagi Fuqarolar urushi vaqtida janubda quldorlik tuzumini oʻrnatgan askar va generallar sharafiga oʻrnatilgan yodgorliklar, shuningdek qitʼani ochgan, soʻl faollar tomonidan Amerika tub aholisiga nisbatan genotsid siyosatini yuritgan, deb hisoblanadigan Xristofor Kolumb xotirasiga qoʻyilgan haykallar yoʻq qilindi.

Internet materiallari asosida
Gʻayrat XONNAZAROV tayyorladi.