Ko‘p asrlik tarixga ega yurtimiz o‘zining boy merosi, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy manbalari hamda buyuk allomalari bilan dunyoga mashhur. Ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish yo‘nalishidagi izlanishlar natijasida Sulton Husayn Boyqaroning surati aks etgan yana bir miniatyura aniqlandi. Bu asar ayni paytda AQSHning Vashington shahridagi Osiyo san’ati Milliy muzeyida saqlanmoqda. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, miniatyura shartli ravishda "Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi" deb nomlanib, u 1469 yilda rassom Mansur Musavvir tomonidan chizilgani taxmin qilinmoqda.
Tarixdan ma’lumki, Husayn Boyqaroning hukmdorlik davrida ilm-fan, adabiyot, madaniyat, musiqa va tasviriy san’at sohalari keng rivoj topgan. Uning davrida Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod kabi ustalar o‘z asarlari bilan tanilgan. Husayn Boyqaro shaxsiga nisbatan hurmat tufayli uning suratlari va portretlari ko‘plab asarlarda aks ettirilgan.
Mazkur miniatyura hukmdorga toj kiydirish jarayonini tasvirlaydi. Unda Sulton Husayn Boyqaroning yoshligidagi qiyofasi, saroy a’yonlari, shoir va allomalar, jumladan, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ham tasvirlangan.
Miniatyurada hukmdor shohsupada o‘tirgan holda ko‘rsatilgan bo‘lib, uning chap tomonida shahzoda Badiuzzamon Mirzo, o‘ng tomonida esa Abdurahmon Jomiy qo‘lida kitob tutib turgan holda aks ettirilgan. Hukmdorga yaqinda turgan qora yaktakli va oq sallali shaxs Navoiy bo‘lishi mumkin. Uning bu g‘alaba munosabati bilan Samarqanddan Hirotga borgani va “Hiloliya” qasidasini yozgani ma’lum.
Hozirgi kunda Husayn Boyqaroning turli holatlarini aks ettirgan o‘ndan ortiq miniatyuralar dunyoning turli muzeylarida saqlanmoqda. Ushbu yangi aniqlangan asar esa nafaqat tarixiy, balki san’atshunoslik ahamiyatiga ham ega bo‘lib, tadqiqotchilar tomonidan chuqurroq o‘rganilishi kerak. Bu asar orqali Husayn Boyqaro shaxsiyati va uning madaniy merosga qo‘shgan hissasi yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Muhtarama Komilova tayyorladi.
O‘zA