Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSHda BMT xodimining jasadi topildi
12:43 / 2021-01-02

Birlashgan Millatlar Tashkilotida ishlagan 38 yoshli diplomat ayol Nyu-Yorkda, Manxettendagi o‘z xonadonida jonsiz holda topildi. Bu haqda “New York Post” gazetasi politsiyadagi manbasiga tayanib yozgan.

Ta’kidlanishicha, tartib posbonlari voqeada hozircha jinoyat izlarini ko‘rmagan. Demak marhum o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.

"U (marhuma — ta’kid tahririyatga tegishli) 2 yildan buyon shu uyda yashardi. Atrofdagilarning bari qayg‘uda. Zero... juda yaxshi odam edi", — deydi shu binoda turli yumushlarni bajarib yuradigan kishi.

Gazetaning boshqa bir suhbatdoshi ma’lumot berishicha, diplomat to‘rtinchi qavatdagi xonadonda yakka o‘zi istiqomat qilgan. Shuningdek, u marhumani beziyon, og‘ir-bosiq, deya ta’riflagan.

Shahar politsiyasidan “RIA Novosti”ga ham ayolning o‘limi to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlashdi.

"2020 yil 31 dekabr, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan, taxminan, 13:40 da politsiya chaqiriq bo‘yicha yo‘lga tushdi... Hodisa joyiga yetib borgan xodimlar 38 yoshli ayol... o‘z yotog‘ida hushsiz yotgani ustidan chiqishdi", — deydi agentlik suhbatdoshi.

Vafot etgan diplomat haqiqatan ham BMTda ishlashini esa ular aniq tasdiqlashmagan.

Mazkur uyga xizmat ko‘rsatuvchilar qayd etishicha, bu yerda hech kim voqea bunday tus olishini kutmagan.

"U bir necha yildan buyon yolg‘iz yashab kelardi. Tez-tez ko‘chaga sayr qilish uchun chiqib turardi. Juda xushmuomala edi", — ta’kidladi manba.

Boshqa bir xodim o‘sha kuni ayolnikiga mehmon kelganini ham aytdi.

"Biz pastdan turib qo‘ng‘iroq qildik, ammo u go‘shakni ko‘tarmadi. Shundan so‘ng eshigini taqillatdik. Afsuski, hech qanday javob bo‘lmadi. <...> Bu qo‘shnimiz o‘zining yurtidan olib kelingan turli-tuman, ...nomlari qutisiga makedon tilida yozilgan dorilar ichib turardi...", — qo‘shimcha qilgan u.

Marhuma qaysi davlat vakolatxonasida faoliyat olib borganiga, hali, aniqlik kiritilgani yo‘q. BMT matbuot xizmati ham diplomatning o‘limi haqidagi axborotni tasdiqlamagan.

O‘zA