AQSH ma’muriyati tomonidan boshlangan global savdo urushi ko‘p davlatlarni o‘ylantirib, hatto biroz dovdiratib qo‘ydi. Bunday vaziyatda Prezident Donald Trampning shartiga ko‘nish yoki boshqa muqobil yo‘lni topish zarurligi ayonlashmoqda. Yevropa Ittifoqi va Yaponiya iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish harakatiga tushgani ham ayni holat bilan bog‘liq, deyish mumkin. Yaponiya AQSH bilan tarif bo‘yicha bir amallab kelishuvga erishgach, chorshanba kuni Tokioda Yevropa Ittifoqi bilan savdo hamkorligini kuchaytirish va iqtisodiy bosimga qarshi kurashish rejasini e’lon qildi. Bu qaror Qo‘shma Shtatlarga “javob” sifatida baholanyapti.
– Dunyo jadal o‘zgarmoqda, – dedi Yevroparlament raisi Ursula fon der Lyayen Tokio sammitidan so‘ng. – Demak, zamonaviy tahdid va murakkabliklarga qarshi birlashishimiz kerak.
Anjuman yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda YeI va Yaponiya faqat qoidaga asoslangan xalqaro savdo tizimi qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor tasdiqladi. AQSHning savdo sheriklariga bir tomonlama tarif joriy etishi global savdo me’yoriga zid ekaniga ishora qilindi.
– Biz erkinlik va adolatga asoslangan barqaror iqtisodiy tartibni qo‘llab-quvvatlash hamda mustahkamlash uchun birga harakat qilamiz, – degan kun chiqar yurt Bosh vaziri Sigeru Isiba. – Jumladan, Jahon savdo tashkiloti faoliyati asosini tashkil etuvchi ko‘p tomonlama savdo tizimini himoya qilamiz.
Shu bilan birga AQSH va Yaponiya o‘rtasida yaqinda e’lon qilingan savdo kelishuvi sammit muhitiga biroz soya solgani ham aytilgan. Masalan, Tokio bir necha hafta davomida Vashington bilan kelisholmay, muzokarada ancha qiynaldi. Tramp e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, Yaponiya tovarlariga 15 foiz boj joriy qilinadigan bo‘ldi. Avvalroq u ushbu davlatga 25 foizlik yig‘im bilan tahdid qilgan edi. Bu choralar o‘zaro savdo munosabatida birlashib harakat qilish zaruratini yuzaga chiqardi. Zero, YeI ham xuddi Yaponiya singari AQSH bilan muzokarada qiyinchilikka uchragan va afsuski hozirgacha biror kelishuvga erishilmadi.
Shunday keskin sharoitda Yevropa Ittifoqi va Yaponiya 2019 yildan buyon o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlab kelayotgan savdo kelishuvini to‘liq amalga oshirish niyatini bildirgan. YeI kompaniyalari Yaponiyaga yiliga 70 milliard yevroga yaqin mahsulot, 28 milliard yevrolik xizmat eksport qilmoqda. O‘tgan 16 yil davomida ikki tomonlama savdo hajmi 20 foiz oshgan.
Fon der Lyayen so‘zlariga ko‘ra, Bryussel va Tokio davlat xaridi, sanitariya va fitosanitariya standarti kabi sohalardagi kelishuvlarni amalga oshirishni ham tezlashtiradi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro investitsiya hajmini oshirishga umid qilmoqda.
Bo‘lajak Yevropa Ittifoqi – Xitoy sammiti oldidan qabul qilingan qo‘shma bayonotda strategik qaramlikni kamaytirish maqsadida hamkorlikni kengaytirish rejasi aks etgan. Xususan, Xitoy tomonidan ilgari eksporti cheklangan muhim xom ashyo va materiallar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilyapti. AQSH xalqaro savdo tizimida to‘satdan qabul qilayotgan qarorlar boshqa davlatlarni ham kutilmagan qadamlar tashlashga undamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VPIs6ShwQBE" title="AQSH – Yaponiya – YEI: Sen bo‘lmasang, boshqasi..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA